Bosh sahifa / Sayt tayyorlash / Hozirgi dasturchilarni LEGO quruvchilariga qiyoslash to’g’rimi?

Hozirgi dasturchilarni LEGO quruvchilariga qiyoslash to’g’rimi?

Texnologiyalar taraqqiyoti bilan birgalikda dasturchilarning kasbiy faoliyatidagi mehnatlariga yengillik kiritadigan yangidan-yangi unsurlar paydo bo’lib bormoqda. O’n yil ilgari ishlagan dasturchilar bilan hozirgi kunda faoliyat yuritayotgan dasturchilarning bajaradigan ishini taqqoslasangiz, zamonaviy dasturchilar kamroq ishlab, ko’proq natija olish borasida ilg’or bo’lib chiqishadi. Albatta, buning o’ziga xos sabablari hammaga ma’lum: dasturlashga yordam beruvchi qo’shimchalar avvalgiga nisbatan hozir juda ko’p, zamonaviy dasturchilar universal qo’llaniladigan funksiyalarni qayta yozib o’tirishmaydi (tayyoridan foydalanishadi), dasturchilar orasida o’zaro kod almashish tizimi yaxshi rivojlangan.

Zamonaviy imkoniyatlardan foydalanish mantiqiy jihatdan to’g’ri, deb hisoblayman. G’ildirak bizgacha ixtiro qilingan, uni qayta kashf qilishga vaqt sarflash o’rniga tayyor g’ildirakdan foydalangan holda murakkabroq narsalarni yasashga kuch bag’ishlash har tomonlama to’g’ri bo’ladi. Ammo dasturchilar orasida tayyor imkoniyatlardan foydalanishni yoqtirmaydigan, yaxshi muqobili bo’lsa ham u yoki bu dasturni o’zi boshidan yozishga harakat qiladiganlar ham yo’q emas. Shaxsan o’zim guvoh bo’lgan suhbatlardan birida tayyor narsalardan foydalanishga qarshi, «har kim har qanday dasturni o’zi, boshidan oxirigacha qayta yozishi kerak», deb fikrlovchilardan birining tayyor dasturlardan foydalanuvchilarni lego yig’uvchilariga qiyoslaganligini eshitganman. Ularning fikricha boshqalar tayyorlagan dasturlardan foydalanib nimadir yasash tayyor bloklarni taqdim etuvchi lego bo’laklarini yig’ib uycha yasash bilan teng.

Balki nuqtai nazarimiz bir xil bo’lmagan dasturchilar uchun men ham oddiy lego quruvchisidirman, lekin men dasturlash faoliyatimda WordPress tizimini, Yii va Laravel tizimlarini, ular uchun turli qo’shimcha va plaginlarni ko’p ishlataman. Bu men uchun qulay, vaqtni tejaydigan va qo’llash uchun yetarlicha mantiqli amaliyot hisoblanadi. Tasavvur qiling, tayyorlashga buyurtma olgan tizim yoki saytingiz nimada tayyorlanishi kerakligida hech qanday qat’iy talab yo’q. Tizimni oylar davomida qo’lda yozish orqali ishni boshlashingiz ham mumkin, ammo shu bilan birga bir necha daqiqa ichida Laravel yoki Yii tizimlaridan birini o’rnatib o’zingizni ishning yarim yo’ligacha chiqarib olish imkoniyatiga ham egasiz. Bizgacha insoniyat manfaati uchun dasturchilar bepul, ochiq kodli tizimlarni, qo’shimchalarni yozib qoldirishga. Agar «hamma o’zi yozsin», degan tamoyil mantiqan ko’pchilik tomonidan qabul qilinganda edi, bu kabi dasturlar paydo bo’lmagan bo’lar edi.

Dasturchilikka endi kirib kelayotgan, yoki dasturlashdan umuman xabari yo’q, shu bilan birga shaxsiy blogi bo’lishini istovchi foydalanuvchilar uchun WordPress tizimidan foydalanish katta qulayliklarga ega. Kishi saytiga ega bo’lishi va unda fikrlarini butun dunyo bilan baham ko’rishi uchun nega bir necha oylab, balki yillab o’zini qiynagan holda dasturlashni o’rganishi va shundan keyingina o’z saytini o’zi tayyorlashi kerak? Bu holatda mantiqiy jihatdan to’g’ri bo’la oladimi? Albatta, saytning tashkil etilishidan asosiy maqsad sayt ma’lumotlarini dunyo bilan baham ko’rish bo’lsa, uni ishga tushirishda tayyor, millionlar tomonidan sinalgan va qulay dasturlardan foydalanish qulayroq.

Shunday vaziyatlar ham bo’ladiki, biz dasturchining qanday bilim yoki ko’nikmaga ega ekanligini sinovdan o’tkazishimizga to’g’ri keladi. Bunday vaziyatda dasturchining barcha kodni o’zi mustaqil yozishi mantiqan to’g’ri bo’lishi mumkin. Misol uchun, dasturchini ishga qabul qilayotgan kompaniya undan sinov tariqasida bir hafta ichida onlayn do’kon yasashni topshirdi, deylik. Kompaniyaga onlayn do’konning o’zi kerak emas, balki loyiha orqali dasturchining mahoratini baholash muhim bo’ladi. Aynan mana shu vaziyat dasturchining hech qanday tayyor narsalardan foydalanmay, barcha kodni o’zi yozishi uchun asos bo’lishi mumkin. Tabiiyki, bu topshiriqni olgan dasturchi tayyor onlayn do’kon tizimlari yoki alohida kodlaridan foydalangan holda loyihani tamomlab topshirsa, uning qilgan ishi lego quruvchilari amaliyotiga qiyoslanishi va salbiy baholanishi mumkin.

Xulosa o’rnida, har bir dasturchi, agar talablar va kelishuvlarga zid bo’lmasa, o’z loyihalarida tayyor dasturlar va qo’shimchalardan foydalanishlari kerak, degan fikrda qolishimni ta’kidlamoqchiman. Bu nafaqat dasturchining qimmatli vaqti va kuchni tejaydi, balki buyurtma berilgan loyihalarning ham ma’lum darajada arzonroq bahoda tugatilishiga zamin yaratadi. Qolaversa, bizgacha bo’lgan taraqqiyot insoniyatni qo’l mehnatidan imkon qadar ozod qilib, takroriy yumushlarni mashinalarga topshirishni niyat qilganini ham unutmasligimiz kerak.

 

Abituriyentlar uchun test formulalari

Javob qoldirish

Email manzilingiz hech kimga ko'rsatilmaydi.Majburiy bo'limlar belgilangan *

*