Bosh sahifa / Sayt tayyorlash / GPL (General Public License) haqida

GPL (General Public License) haqida

GPL (General Public License – Umumiy Ommaviy Litsenziya) o’zi tegishli bo’lgan ochiq kodli (Open source) dasturning istalgan kishi tomonidan nusxalanishi, tarqatilishi va o’zgartirilishi mumkinligini anglatadi. GPL deganda GNU GPL litsenziyasi tushuniladi. O’z navbatida GNU ham dasturning erkin nusxalanishi, tarqatilishi va o’zgartirilishiga huquq beradigan tushuncha hisoblanadi.

GPL litsenziyaga ega bo’lgan dasturlarning barchasi ochiq kodli bo’ladi. Bunday dasturlarga WordPress tizimini misol qilib ko’rsatishimiz mumkin. WordPress tizimida GPL litsenziyaning asosiy chizgilari aks etadi: WordPressni istagan kishi yuklab olishi (nusxalashi) mumkin, WordPressni har kim boshqalarga tarqatishi mumkin va uni istagan kishi o’z ehtiyojiga ko’ra o’zgartirishi mumkin.

GPL litsenziyasining asosiy jihatlaridan yana biri shuki, har qanday GPL litsenziyali dastur har qancha o’zgartirilsa ham GPL litsenziyasi qoidalariga tegishliligicha qolishi kerak. Ya’ni, GPL litsenziya kafolatlagan huquqqa binoan biror GPL litsenziyali dasturni o’zingizga nusxalab, uni o’zgartirsangiz, Siz tomoningizdan moslashtirilgan, yangi ko’rinishdagi dastur ham GPL litsenziya doirasidagi qoidalarga bo’ysunadi. Masalan, WordPress tizimi GPL litsenziyaga ega. Siz uni nusxalab olib, juda ko’p joyini o’zgartirdingiz. Shunchalik ko’p tomoni o’zgardiki, Sizdagi tizim asl WordPressdan ancha farq qilib qoldi. O’zgartirilgan, yangi tizimni o’z nomingizdan joriy qilishingiz mumkin. Ammo GPLning asosiy qoidalarini o’zingiz tahrirlash asosida yaratgan yangi dasturda saqlab qolishingiz majburiy: Sizning dasturingizni istagan kishi nusxalashi (ko’paytirishi), tarqatishi va o’zgartirishi mumkin!

GPL litsenziyaga ega dasturni o’zgartirib, «Ana endi bu dasturni hech kim o’zgartirmasin, ko’paytirmasin va tarqatmasin!», deb ta’qiqlashga haqqingiz yo’q.

Ba’zan GPL litsenziya copyright atamasiga qarama-qarshi ravishda copyleft deb ham yuritiladi 🙂

GPL litsenziyasi hech bir shaxs yoki tashkilot tomonidan berilmaydi. O’zingiz mustaqil ravishda qandaydir dasturiy ta’minotni yaratib, unga GPL litsenziyani biriktirib qo’yishingiz va foydalanuvchilarga tekinga tarqatishingiz mumkin (agar istasangiz). Bu holatda Sizning dasturingiz GPL litsenziyaga ega dastur hisoblanadi.

Abituriyentlar uchun test formulalari

Muallif Azamat Xodjakov

Men odamlarni ilm olishga ruhlantirishni xohlayman. Kimdir qachondir menga "Sen tufayli shu narsani o'rganib olgan edim", desa, dunyoda mendan baxtli inson bo'lmaydi!

Javob qoldirish

Email manzilingiz hech kimga ko'rsatilmaydi.Majburiy bo'limlar belgilangan *

*