Bosh sahifa / Sayt tayyorlash / Google TrustRankda ishonchli saytlardan link olishning ahamiyati

Google TrustRankda ishonchli saytlardan link olishning ahamiyati

SEO sohasini o’rgana boshlaganimga ko’p bo’lgani yo’q. Turli saytlarni o’qish davomida o’zim uchun mavhum bo’lgan tushunchalarni o’zlashtirib kelayapman. Ammo kecha men uchun SEO sohasida butunlay yangi bir kashfiyot sodir bo’ldi: Googledagi TrustRank nima ekanligi va u qanday ishlashi haqida bilib oldim. TrustRank alohida katta maqola bo’lishga arzirli mavzu ekan. To’liq o’rganib chiqmagan soham haqida nimadir yozishni ma’qul ko’rmadim. Shuning uchun Google TrustRankda ishonchli saytlardan qayta link (backlink) olish qanchalik va nimasi bilan ahamiyatli ekanligi haqida yozishga qaror qildim.

Google TrustRank saytlarni qidiruv mashinasi uchun indeks qilinayotganda muhim ahamiyatga ega. TrustRank Google saytingizga qanchalik «ishonishini» anglatadi. Tabiiyki, Google ishonchiga kirgan saytlar qidiruvda yaxshiroq indeks qilinadi, kamroq ishoniladigan saytlar qidiruv natijalarida kamroq joy egallaydi, umuman ishonilmaydigan saytlar esa indeks qilishdan to’xtatiladi. Agar ishonilgan (yuqori darajali TrustRankga ega bo’lgan) sayt va kam ishonilgan (TrustRank darajasi past) saytga bir xil AdSense reklamasi joylashtirilib, ularga bir xil mamlakatdan bir martadan bosilsa, TrustRanki yuqori bo’lgan saytga ikkinchisiga nisbatan ko’proq pul to’lanar ekan. TrustRankning sayt uchun yana boshqa bir nechta foydali jihatlari bor. Umuman olganda, saytning TrustRank darajasi yuqori bo’lishi saytning qiymatini yuqori darajaga ko’taradi.

Saytingiz TrustRankini ko’tarishning o’nlab usullari bor. Ulardan biri, bugun ushbu maqolada yozmoqchi bo’lganim, ishonilgan saytlardan qayta link olish hisoblanadi. Google .gov yoki .edu kabi jiddiy, ko’pchilik tomonidan tan olinib, xurmat qilinadigan ta’limiy, davlat va boshqa nufuzli saytlarga ishonadi. Ulardan qayta link olsangiz (ishonilgan saytlar Sizning saytingizga o’z sahifalaridan link bersa) Google Sizning saytingizni ham ishonchli, deb hisoblaydi. Buni quyidagicha tushunish mumkin: Garvard universitetining harvard.edu saytida bitta maqola yozildi va bu maqolada Azamat.uz saytiga link berildi, deylik. Garvard saytidagi maqola yoki sahifadagi qaysidir linkka bosilganda Azamat.uz saytiga to’g’ridan-to’g’ri o’tiladi. Google botlari buni indeks qilgandan so’ng o’zicha analiz qiladi: Garvard sayti ishonchlimi? Ishonchli! Bu sayt Azamat.uz saytiga to’g’ridan-to’g’ri link beribdi. Garvard sayti Azamat.uz saytiga ishonch bildirib link beribdimi, demak Azamat.uz sayti ham ishonchli bo’lishi kerak. Shu tarzda Azamat.uz saytining Google TrustRank darajasi ko’tariladi.

Google ishonadigan nufuzli saytlardan faqat O’zbekiston uchun taniqli bo’lgan oddiygina saytimga qanday qilib link olsam ekan, deb hayron bo’layotgandirsiz? Google TrustRank darajasi ishonchli saytlar ishongan saytlardan link olgan ishonchli saytdan link olsangiz ham beriladi. Ammo ishonch darajasi kamroq bo’ladi. Buni quyidagi chizmada ko’rishimiz mumkin: chap tomondagisi Google ishonadigan nufuzli sayt, o’ng tomondagisi esa Sizning saytingiz. Linkning kelish masofasi qanchalik uzun bo’lsa, ishonch darajasi ham shunchalik past bo’laveradi.

Internetda allaqachon Google ishonchiga kirib ulgurgan, Google fikriga ko’ra TrustRanki yuqori bo’lgan saytlar ko’p. Bu saytlarda, agar yetarlicha bilimli bo’lsangiz, o’z saytingizga link olish imkoniyatlari mavjud. To’g’ri, Garvard yoki Amerika hukumati sayti bo’lgan Oq uy rasmiy saytlaridan to’g’ridan-to’g’ri link ololmasligingiz mumkin, ammo ular link bergan, internetda o’z obro’siga ega, eng muhimi – Google ishonadigan saytlardan link olish imkoniyatiga egasiz.

Men Mashable, Honkiat, Habrahabr kabi saytlarda juda ko’pchilik mashxur bloggerlarning doimiy maqolalar e’lon qilib borishlariga guvoh bo’lgandim. Avval nega o’z bloglari bo’la turib, bu bloggerlar aynan shu saytlarda maqolalar yozishar ekan, deb hayron bo’lardim. Mana endi hammasini tushunib yetgandekman. Bloggerlar bu kabi saytlarda maqola yozishganda har doim maqola so’ngida muallif haqida ma’lumot ko’rsatiladi. Bu ma’lumot ichida esa yuqoridagi maqolani qaysidir blog muallifi bo’lgan shu kishi yozgan, degan ma’lumot ham ko’rsatiladi. Aynan shu joyda bloggerlar o’z bloglariga link berishadi. Qarabsizki, Google ishonadigan mashxur saytdan o’z bloglariga link olishadi. Agar blogger bitta emas, bir nechta, hatto o’nlab mashxur saytlarda maqola yozsa va o’z ma’lumoti ichida blogiga link bersa, Google TrustRankda yaxshigina darajaga erishishi mumkin.

Saytlaringizni rivojlantiring va Google ishonchiga kirishga harakat qiling.

Abituriyentlar uchun test formulalari

Muallif Azamat Xodjakov

Men odamlarni ilm olishga ruhlantirishni xohlayman. Kimdir qachondir menga "Sen tufayli shu narsani o'rganib olgan edim", desa, dunyoda mendan baxtli inson bo'lmaydi!

9 ta fikr

  1. Azamat ishlaringiz yaxshimi? Maqola juda qiziqarli va foydali bo’libdi. Manda bir savol tug’ildi: Agarda wordpress, ziyonet tarkibidagi bloglarga maqola yozib saytimga havola qo’ysam ham Google TrustRank oshadimi?

  2. Masalan men o’zimni blogimga maqola yozdim keyin shuni boshqa mashxur saytlardan biriga ham yozsam. Boshda uni saytida maqola indekslanadi. Keyin menda. Ya’ni bir savol. Kimning sayti Ko’p TrustRank ishonchiga kirgan bulsa uni sayti tez indekslanadimi?

  3. Салом Азамат, сайтингизни улугов.уз дан куриб колдим, мани кизиктирган интернет рукнидаги куплаб маколаларни укиб жуда хурсанд булдим. Шунака маколаларни бундан кейин хам узбек тилида хавола этишингизда Аллох таоло сизга доимо мададкор булсин!

Javob qoldirish

Email manzilingiz hech kimga ko'rsatilmaydi.Majburiy bo'limlar belgilangan *

*