Bosh sahifa / Shaxsiy rivojlanish / Google orqali samarali qidirish

Google orqali samarali qidirish

Google qidiruv tizimi hozirgi vaqtda zamonaviy internetning asosiy, eng katta qidiruv mashinalaridan biri bo’lib kelayapti. Google kompaniyasining taklif etayotgan xizmatlari juda ko’p. Ular ichida eng muhimi va eng ko’p sonli foydalanuvchilar foydalanadigani – bu qidiruv hisoblanadi.

Googlening qidiruv xossasi haqida hamma bilsa ham, foydalanuvchilarning ko’pchiligi Google qidiruvidan qanday qilib samarali foydalanish va o’zlariga kerakli bo’lgan ma’lumotni aniqlik bilan topishni bilishmaydi. Bu maqolada Google orqali qidirishning ba’zi samarali, kompaniya mutaxassislari tomonidan tavsiya qilingan usullari bilan tanishamiz.

Google orqali qidirganingizda shu narsa yodingizda bo’lsin-ki, Google robotlari internetdagi turli saytlarda berilgan matn, rasm, video, ovoz va boshqa ma’lumotlarni «skaner» qilib, o’z xotirasida saqlab qo’yadi. Siz qidiruvni aynan ana shu xotiradagi ma’lumotlar ichidan amalga oshirasiz. Siz qidirayotgan narsa internetda mavjud bo’lishi kerak va Google Siz qidirayotgan ma’lumotni allaqachon o’z xotirasiga olgan bo’lishi kerak. Aks holda Siz Google orqali qidirgan narsangizni topa olmaysiz.

Google orqali qidirishning ba’zi asosiy qoidalari:

1. QIDIRUVNI IMKON QADAR ODDIY QILING. Qidirayotgan iborangiz qanchalik sodda bo’lsa, Google orqali o’zingizga kerakli bo’lgan ma’lumotni topishingiz ham shunchalar oson kechadi. Masalan, Termizdagi arxeologiya muzeyi haqida Google orqali qidirmoqchi bo’lsangiz «Termizdagi arxeologiya muzeyi haqida ma’lumotni qayerdan topsam bo’ladi?«, deb yozishingiz shart emas. Google qidiruvga kiritgan so’zlaringiz va iboralaringiznigina qidiradi. Shuning uchun unga odamga murojaat qilgandek savol berish shart emas. Shunchaki «Termiz arxeologiya muzeyi«, deb qidirsangiz o’zingizga kerakli bo’lgan ma’lumotni olasiz.

2. ADABIY SO’ZLARDAN FOYDALANISHGA HARAKAT QILING. Esingizda bo’lsin-ki, Google boshqa saytlarda chop etilgan malumotlarni qidiradi. Shuning uchun izlaganingizda boshqa saytlarda yozilishi mumkin bo’lgan ibora va so’zlarni qidiring. Saytlarda ma’lumotlar esa odatda adabiy tilda yoziladi. Masalan, «boshim lo’qillayapti«, demasdan «boshim og’riyapti«, deb qidirsangiz ko’proq natija topa olishingiz mumkin.

3. KICHIK XATOLARGA E’TIBOR BERMANG. Google qidiruvi Sizning yozishdagi xatolaringizga ko’p ham e’tibor bermaydi. Masalan, «Alisher Navoiy» qidiruv iborasi bilan «alisher navoiy» qidiruv iborasi bir hil natijalarni ko’rsatadi. Shuning uchun yozilish qoidalari, ayniqsa atoqli otlarning bosh harflar bilan yozilishi Google qidiruvi uchun umuman ahamiyatsiz.

4. TEZKOR JAVOB TOPISH QULAYLIKLARIDAN FOYDALANING. Google qidiruvining mahsus ma’lumotlarni berish mahsus qulayliklari bor. Ulardan quyidagicha foydalanasiz:

  • ma’nosini bilmoqchi bo’lgan iborangizdan oldin «define» so’zini qo’shing. Masalan: «define vocabulary». Bunday qidiruvda Google «vocabulary» so’zining ma’nosini ko’rsatib beradi;
  • ob-havoni bilmoqchi bo’lsangiz, shahar yoki davlat nomi oldidan «weather» so’zini qo’ying. Masalan: «weather London«;
  • matematik misol bormi? Google Sizga uni hal qilishda yordam beradi! Shunchaki qidiruvga «2*2» deb qidirsangiz, ko’paytma javobi 4 ekanligi ko’rsatiladi. Murakkabroq misollar bilan Googleni sinab ko’ring!
  • pul kursini bilish uchun «qaysidir valyuta qaysidir valyutada», deb yozishingiz kifoya. Masalan: «1 USD in UZS» (bir dollar o’zbek so’mida qancha bo’lishi ko’rsatiladi);
  • sevimli jamoangiz haqida bilmoqchimisiz? Qidiruvga «sports Real Madrid«, deb yozing. Jamoa mavsum jadvali, yangliklari va boshqa ma’lumotlari ko’rsatiladi;
  • qidiruvga mashxur qo’shiqchi, joy, bino, hodisa yoki boshqa tarixiy voqea yozilsa, shu narsa haqida ma’lumot beriladi.

5. QO’SHTIRNOQ ICHIDA QIDIRING. Google qidiruvi har doim ham qidiruvga kirilgan gapni berilgan so’z ketma-ketligida qidiravermaydi. Masalan: «Abdulla Qodiriyning bolalik davri«, deb qidirsangiz Google «Abdulla» so’zini matnning bir joyida, «bolalik» so’zini boshqa bir qismida va «davr» so’zini boshqa bir qismda topib, Siz qidirgan gap yoyib yuborilgan matnni qidiruv natijalari ro’yxatida ko’rsatadi. Agar Sizga «Abdulla Qodiriyning bolalik davri» degan gap huddi shu ko’rinishda, huddi shu so’zlar ketma-ketligida topilishi muhim bo’lsa, qidirilayotgan gapni to’liqligicha qo’shtirmoqqa oling.

6. SAYTLARDAN QIDIRING. Ma’lumotni faqat ma’lum bir saytdan qidirishni xohlasangiz, «site:» so’zini birinchi yozib, undan keyin saytning manzilini, keyin esa qidiruv iborasini yozing. Masalan: «site:Azamat.uz ingliz tili darslari«. Bunday qidirganingizda «ingliz tili darslari» iborasi faqat Azamat.uz saytidan qidiriladi.

7. INGLIZ TILIDAGI BOG’LOVCHILARNI ISHLATMANG. Bu ta’qiqlash emas, ixtiyoring. Google qidiruvi ingliz tilidagi AND, BUT, OR kabi bog’lovchilarga ahamiyat bermaydi. Bog’lovchilar Googleda qidirilmaydi. Masalan: «weather and travel» iborasi qidirilsa, Google faqat «weather travel» iborasini qidiradi.

8. FAYL TURIGA QARAB QIDIRING. Google qidiruvlarida DOC, PDF kabi web sayt sifatida ko’rilishi mumkin bo’lgan xujjat fayllari ham qidiriladi. Agar Sizga qaysidir kitobning PDF fayl ko’rinishi kerak bo’lsa, qidiruvdan keyin «filetype:PDF«, deb qidiring. Masalan: «Nargiza Erkaboyeva filetype:PDF«. Bunda faqat PDF fayllar qidiriladi.

Hayotda har doim qidirgan narsangizni topishingizga tilakdoshman. Izlang va u albatta topiladi!

Abituriyentlar uchun test formulalari

4 ta fikr

  1. Rahmat! Maqolangiz katta yordam berdi!

  2. Comment sifatida emas 1-2 ta joyda o’tib qolgan harflarni almashtirib qo’yish kerak ekan, 7. Ihtiyoring-ixtiyoriy.
    Oxirida Hayorda-Hayotda.

Javob qoldirish

Email manzilingiz hech kimga ko'rsatilmaydi.Majburiy bo'limlar belgilangan *

*