Bosh sahifa / Sayt tayyorlash / Google indeksi va qidiruvi qanday ishlaydi?

Google indeksi va qidiruvi qanday ishlaydi?

Har birimiz saytimizning Google qidiruvida yuqoriroq o’rindagi natijalarda ko’rinishini xohlaymiz. Ba’zilarimizning saytlarimiz qidiruvning quyi yoki keyingi sahifalarida qolib ketadi. Kimlarningdir saytlari esa indeks qilinmayotgandek tuyuladi yoki umuman qidiruv natijalarida chiqmaydi. Ushbu maqolada shu kabi holatlarni yaxshiroq tushunib olishingiz uchun Google qidiruv mashinasining indeks qilish va qidirish jarayonlarining qanday ishlashi haqida yozmoqchiman. Maqolam quyida tomosha qilishingiz mumkin bo’lgan videoda aytilgan ma’lumotlarga asoslangan:

Agar videoni ko’rishga imkoningiz bo’lmasa, o’qishda davom eting. U yerda aytilgan ma’lumotlarning barchasi ushbu maqolada jamlangan.

Siz Google saytiga kirib, qaysidir ma’lumotni qidirganingizda u Sizga o’zida mavjud bo’lgan ma’lumotlarnigina ko’rsatadi. Googleda internetdagi bor barcha saytlar ma’lumotlari qidiruv natijasi sifatida ko’rsatilmaydi, balki faqat Google o’ziga saqlab olgan ma’lumotlarnigina Sizga qidiruv natijalari sifatida ko’rsatadi. Qisqa qilib aytganda, Google topgan ma’lumotlarnigina Siz u orqali topishingiz mumkin. Google topa olmagan ma’lumotlarni hech qachon Google orqali qidirib topa olmaysiz.

Qidiruv mashinalarining qanday ishlashi haqida maqola yozgan edim. Unda ma’lumotlar qidiruv mashinalari tomonidan indeks qilinishi (o’ziga nusxalab olinishi) haqida aytilgandi. Googlening indeks qilish jarayoni haqida alohida maqola yozganman. Qidiruv mashinalari ma’lumotlarni qanday qilib taqqoslashi va saralashi haqida ham maqolam mavjud. Qidiruv mashinalarining ishonchini qozonish haqida ham maqola bor. Googledan ta’qiq olishga olib borishi mumkin bo’lgan sabablardan biri haqida ham aytib o’tganman. Bularning barchasini bilganimiz holda, Google indeksi va qidiruvining ishlashi haqida qisqacha yozmoqchiman.

Google internetdagi barcha saytlarda mavjud ma’lumotlarni o’z o’rgimchaklari yordamida o’ziga nusxalab oladi. Nusxalash indeks qilish deyiladi. Bitta o’rgimchak bir sayt sahifasiga kiradi va indeks qilishni boshlaydi. U maqolada tashqi biror saytga link topsa, shu link bo’yicha ko’rsatilgan saytga o’tadi va uni indeks qiladi. U yerdagi link orqali esa boshqasiga o’tadi. Shu tarzda o’rgimchaklar ma’lumotlarni indeks qilishadi. Ma’lumoti kam, sekin yangilab boriladigan, sifatsiz, qoidalarni buzadigan va boshqa salbiy belgilarga ega saytlar ma’lumotlari natijalarning so’nggi o’rinlariga joylashtiriladi. Sifatli ma’lumotga ega saytlar, Google ishonchiga kirgan domendagi ma’lumotlar esa yuqoriroq o’rindagi natijalardan joy oladi. Shu tarzda qidiruv uchun ko’rsatiladigan natijalar bazasi shakllantiriladi.

Misol uchun, Siz tuyaqushning necha yil umr ko’rishini bilmoqchisiz. Buning uchun Google qidiruviga «tuyaqush necha yil umr» kalit so’zlarini kiritib, qidiruvni boshlaysiz. Google o’zidagi bazadan bu kalit so’zlarga eng mos bo’lgan natijalarni olib, taqqoslashni boshlaydi. Qaysi natija ishonchli saytdan olingan? Qidirilgan kalit so’z maqolaning sarlavhasida bormi? Natija olingan sayt ilgari qidiruv mashinasi ta’qiqiga uchramaganmi? Maqolada kalit so’zning sinonimlari bormi? Shu kabi savollar asosida Google topilgan natijalarni tartiblab Sizga ko’rsatadi. Demak, tuyaqushning necha yil umr ko’rishi haqida maqola yozar ekansiz, uni ko’pchilik topib o’qishi uchun, saytingiz foydalanuvchilari ko’proq bo’lishi uchun shunchaki maqolani yozishning o’zi kifoya qilmaydi. Albatta har doim SEO qoidalariga amal qilib, maqolalaringizni imkon qadar sifatli yozishga harakat qilishingiz kerak.

Bundan ko’rinib turibdiki, eng sifatli maqolalardan olingan natijalar, eng sifatli saytlardan indeks qilingan ma’lumotlar qidiruv natijalarining yuqori qismiga joylashtiriladi. Sifatsiz ma’lumotlar esa quyi, balki keyingi bir necha sahifada ko’rsatiladi.

Har qanday tijorat uchun Google qidiruv natijalarida birinchi o’rinda bo’lish juda muhim. Birinchi o’rinda bo’lmagan tijoratlar esa hech bo’lmaganda natijalarning birinchi sahifasida bo’lishga harakat qilishadi. Buning qanday ahamiyati bo’lishi mumkin?

Misol uchun, men sayt tayyorlash bilan shug’ullanaman. Men uchun sayt tayyorlash kasb hisoblanadi va men ko’proq buyurtma olishni istayman. Kimdir Google orqali «sayt tayyorlash» deb qidirsa, birinchilardan bo’lib mening saytim ko’rinishini istayman. Shunday holatda mening ishlarimni ko’rishlari, mening raqamimni saytimdan olib menga telefon qilgan holda menga sayt tayyrolash uchun buyurtma berishlari imkoniyati ko’payadi. Bularni bilganim uchun ko’proq «sayt tayyorlash», «sayt yaratish», «sayt yasash» kabi kalit so’zlar bilan sifatli maqolalar yozaman. Natijada Google mening maqolalarimni indeks qilib, sayt tayyorlash so’rovi bo’yicha mening natijalarimni qidiruvda yuqoriroq o’rinda ko’rsatadi.

Agar aksincha bo’lsa, men sifatli maqola yozmasam, «Google indeks qilsa bo’ldi!», deb bir sahifa sayt tayyorlash, sayt yaratish, sayt yasash, sozdaniye saytov, website development kalit so’zlarini yozib chiqsam, Google qora seo bilan shug’ullanayotganligimni sezib qoladi va mening saytimni indeks qilinadigan saytlar ro’yxatidan chiqarib tashlaydi. Boshqacha qilib olganda, men qidiruvda ta’qiq olgan bo’laman. Shuning uchun har doim foydalanuvchilar uchun sifatli maqola yozish kerak. Faqat qidiruv mashinalari indeksi uchun kalit so’zlarni yig’maslik kerak.

Ba’zilarning saytlari Google qidiruvi natijalarida ko’rsatilmaydi. Buning bir nechta sabablari bo’lishi mumkin. Saytingiz hali yangimi? Agar kecha yoki kechadan avvalgi kun ochilgan sayt Google natijalarida chiqmayotgan bo’lsa, hovotirga o’rin yo’q! Shunchaki, Google o’rgimchaklari hali saytingizga kirib ulgurmagan va saytingiz hozircha indeks qilinmagan. Saytingizga sifatli ma’lumotlarni joylashda davom eting, u albatta indeks qilinadi.

Ba’zi saytlarning robots.txt faylida qidiruv mashinalari uchun «Disallow» ta’qiqi qo’yilgan bo’ladi. Bunday holatda hech bir qidiruv mashinasi sayt ma’lumotlarini indeks qilmaydi. Agar Sizning saytingizda bunday ta’qiq bo’lsa, uni «Allow»ga o’zgartiring. Bu bilan Siz qidiruv mashinalariga «Saytim ma’lumotlarini indeks qilishga ruxsat beraman» degan bo’lasiz.

Ba’zilarning saytlari esa bir necha yildan buyon ishlayotganligiga qaramasdan indeks qilinmaydi. Buning sababi ularning qidiruv mashinasidan ta’qiq olgani bo’lishi mumkin. O’ylab ko’ring, saytingiz qora seo bilan shug’ullanmaganmi? SEO qoidalarining qaysi birini buzgan bo’lishingiz mumkin? Saytingizga sifatli maqola yozasizmi? Yoki faqat muallif ruxsatisiz boshqa saytlardan maqolalarni o’g’rilik yo’li bilan olib saytingizga joylaysizmi? Saytingizda virus yo’qmi? Saytingiz SEO uchun eng qulay bo’lgan WordPress tizimi asosida ishlaydimi? Indeks qilinmaslikning sabablari ko’p bo’lishi mumkin. Uni faqat SEO analiz orqali aniqlash mumkin. Analiz uchun bepul saytlar ham bor. Ammo haqiqiy mutaxassis Sizga SEO bilan bog’liq saytingizdagi mavjud muammoni aniq ayta oladi.

Hozircha SEO sohasi O’zbekistonda yaxshi rivojlanmagan. Biz hali saytning nima ekanligini, uni qanday yaratib, qanday yuritish kerakligini to’liq o’rganganimizdan so’ng SEO uchun alohida katta talab kuchayadi. Shunda ham asosiy maqsad Google natijalarida yuqoriroq o’rin egallash bo’ladi. Shunday ekan, saytingizning SEO ahvolini hozirdan nazoratga oling. O’zingiz uchun muhim bo’lgan kalit so’zlar bo’yicha yuqori o’ringa chiqish harakatida bo’ling. Sifatli sayt bilan sifatli ma’lumotlarni foydalanuvchilarga taqdim eting.

Abituriyentlar uchun test formulalari

Muallif Azamat Xodjakov

Men odamlarni ilm olishga ruhlantirishni xohlayman. Kimdir qachondir menga "Sen tufayli shu narsani o'rganib olgan edim", desa, dunyoda mendan baxtli inson bo'lmaydi!

2 ta fikr

  1. Raxmat Azamat aka yaxshi maqola bo`pti. man saytimi html css php ishlatib 0 dan terb chiqqanman a sizi maqolezdigi «Allow» qip qo`yilishi digan joiga tushunmadim. mani saytimga aloqasi yo`mi? mani saytim kecha ochildi hali kop linklari faolamas. o`shalani to`ldrsam sfatli maqolaga googleda chiqadimi uja. man boshqa yana nimadr qilishm keremasmi

Javob qoldirish

Email manzilingiz hech kimga ko'rsatilmaydi.Majburiy bo'limlar belgilangan *

*