Bosh sahifa / Sayt tayyorlash / Foydali asboblar jamlanmasi sayti go’yasi

Foydali asboblar jamlanmasi sayti go’yasi

O’zbek tilidagi saytlar orasida kishilarning kundalik hayotida kerak bo’ladigan kichik, ammo o’ta ahamiyatli asboblar jamlanmasi sayti hozircha mavjud emas. Bunday sayt tashkil qilinsa, bu saytning ko’pchilikka foydasi tegishi bilan birga millionlab doimiy foydalanuvchilari ham paydo bo’lishi hech gap emas.

Tasavvurimcha ushbu jamlanma saytda quyidagi foydali asboblar o’rin olishi juda foydali bo’ladi:

  • Rejalashtirilgan ishlar ro’yxati (todo list – Todoistga o’xshash);
  • Kalendarli eslatma (tug’ilgan kun, uchrashuv, tadbir);
  • Qarz hisoboti (qarz oldi-berdisini yozib boradigan xizmat);
  • Konvertatsiya (valyuta kursi, o’lchov birliklaridagi farqlar);
  • Qoralamalar (go’yalar daftari, xomaki fikrlar jamlanmasi);
  • Jamoaviy rivojlantiruvchi tizim (texnik vazifasi tayyor);
  • Jamoaviy muhokama tizimi (ovoz berish, muhokama qilish);
  • Shaxsiy byudjet taqsimoti (rejalashtirish, xisobot);
  • Shaxsiy odatlar tizimi (maqsad belgilab, natijalarini yozib borish);

Yuqoridagi asboblarning nomlari o’zlari haqidagi bor ma’lumotni deyarli ochib bera olsa ham, ularni birma-bir sharhlashga qaror qildim. Sizga tushunarliroq bo’lishi uchun har bir asbobdan qanday maqsadda foydalanilishi haqidagi tasavvurlarimni batafsil yozaman.

Rejalashtirilgan ishlar ro’yxati haqida bu yerda hech narsa yozmayman. Chunki bu tizimning tayyor ko’rinishi Todoist saytida mavjud. Bundan tashqari Todoist haqida alohida maqola ham yozganman.

Kalendarli eslatma – bu kalendar sanalari yozilgan katakchalarga rejalashtirilgan uchrashuv, ish yoki tadbir haqida eslatma yozib qo’yish imkoniyatini beruvchi asbob. Buning Todoistdan farqi shundaki, rejalashtirilgan ishlar yoki tadbirlar amalga oshirilib bo’lgandan so’ng xotirada saqlanib qoladi – Todoistdagi singari o’chib ketmaydi. Kalendardagi eslatma sanasi yaqinlashganda foydalanuvchiga SMS yoki email orqali eslatma yuborish joriy qilinsa, juda ko’pchilik uchun foydali bo’ladi. Tug’ilgan kunida eslamasangiz arazlaydigan do’stingiz bor, yoki 70 kundan so’ng tarifingiz bo’yicha bonuslar tugashi bilan o’zgarishlar qilishingiz kerak, yoki ikki oydan so’ng kimningdir tadbirida qatnashishingiz shart. Bunday holatlarda kalendarli eslatma juda foydali hisoblanadi.

Qarz hisoboti tizimida «Men ***dan *** so’m (yoki dollar 😀 ) qarz oldim», «Men ***ga *** pul qarz berdim» deb yozib qo’yasiz. Qarzni qaytarish vaqtini ham belgilash mumkin bo’ladi. Bu tizim bilan boshqalarga bergan qarzingizni yozib borasi va eng muhimi – o’zingiz olgan qarzlarni unutmasdan, vaqtida to’laysiz. Qarz munosabatlari o’zgarganda SMS yoki email orqali xabarnoma jo’natish, eskirgan qarzlarni yodga solishda xabarnomalarda foydalanish imkoniyatlarini yaratish tizimning yanada mukammal bo’lishiga hissa qo’shadi.

Konvertatsiya tizimi bilan har qanday o’lchov birligini boshqa bir o’lchov birligiga o’tkazishingiz mumkin bo’ladi. Masalan, bir milya necha kilometrga teng kelishi, bir dollar necha so’mga teng bo’lishi, yoki London bilan Samarqanddagi vaqt o’rtasida necha soat va daqiqa borligini bilib olishingiz mumkin bo’ladi. Umuman olganda, bu tizim turli o’ziga xos kalkulyatorlardan iborat bo’ladi.

Qoralamalar tizimi bilan g’oyalaringiz hech qachon esdan chiqib ketmaydi. Shaxsan menda bu tizimga ehtiyoj katta. Har kuni ish bilan band bo’lganimda keyinroq yozilishi mumkin bo’lgan maqolalar g’oyalari paydo bo’lib turadi. Kamdan-kam holatlarda ularni qayergadir yozishga ulguraman. Ko’pincha esa ular shunchaki yodimda ko’tariladi 🙁 Qoralamalar tizimidan foydalangan kishilar har doim o’z g’oyalari, fikrlari va xomaki rejalarini yozib borishlari mumkin bo’ladi.

Jamoaviy rivojlantiruvchi tizim haqida ham bu yerda hech narsa yozmayman. Tizim haqida alohida maqola yozilgan.

Jamoaviy muhokama tizimi. Bizning tashkilotimizda hodimlarning samarali foydalanish mumkin bo’lgan qimmatli vaqtlarining ko’p qismi zerikarli, ko’pincha aniq bir manfaat bermaydigan muhokamali majlislarda bekorga sovuriladi. Shunday vaqtlarda bitta narsani orzu qilaman: shunday bir tizim bo’lsaki, unda muhokama uchun mavzular ko’tarilsa. Har bir a’zo o’z nomidan so’rovnoma shaklida ovoz bersa va masalalar a’zolarning munosabati natijalariga ko’ra hal qilinsa.  Bu tizim biror jiddiy tashkilotning an’anaviy majlisi o’rnini egallamasa ham, do’stlar jamoasining u yoki bu masalasini osonlik bilan internet orqali hal qilishda foydali bo’lishi mumkin.

Shaxsiy byudjet taqsimoti tizimida har bir kishi o’zining kirim-chiqimini rejalashtirishi, taqsimlashi va xarajatlarining hisobotini ko’rishi mumkin bo’ladi. Bu turdagi dasturlar mobil qurilmalar uchun ham ko’plab ishlab chiqilgan. Ammo tizimning o’zbek tilidagi ko’rinishini yaratish O’zbekiston uchun katta qulaylik yaratishi mumkin.

Shaxsiy odatlar tizimi yordamida kishilar o’z oldilariga maqsad qo’yadilar va bu maqsadlariga qanchalik yaqinlashayotganliklarini (yoki aksincha, undan qachalik uzoqlashayotganliklarini) kuzatib borishlari mumkin bo’ladi. Menga o’xshab kamchiliklaridan birma-bir qutulishga harakat qilayotgan kishilar uchun bu tizimning ahamiyati juda katta. Tasavvur qiling, Siz 4 ta yaxshi odatni o’zingizda shakllantirmoqchisiz: 1. Erta uyg’onish, 2. Bir kunda 20 daqiqa kitob o’qish, 3. Bitta yaqin qarindoshingizga qo’ng’iroq qilib suhbatlashish, 4. Kechki ovqatni yemaslik (bu hamma uchun emas – ozg’in kishilar aksincha maqsad belgilashlari mumkin 😀 ). Tizim har kuni Sizdan maqsadlaringiz bo’yicha savol beradi: Erta uyg’ondingmi? Kitob o’qidingmi? Qo’ng’iroq qildingmi? va hokazo. Siz «Ha» yoki «Yo’q» javoblarini berish orqali maqsadingiz sari harakatingizning hisobotini shakllantira borasiz. Bir oydan so’ng tizim orqali qaysi maqsadingizga qanchalik yetganligingizni, qaysi odatni yaxshiroq o’zlashtira olganingizni ko’rishingiz mumkin bo’ladi. Bu tizim kimlar uchundir o’ziga xos musobaqali o’yin tarzida ijobiy hislatlarni paydo qilishda asos bo’lishi mumkin.

Bulardan tashqari ham juda ko’plab asboblar haqida o’ylab ko’rish mumkin. Odamlarning kundalik ehtiyojini qondirish, ularning kunlik qiyinchiliklarini osonlashtirish va qayta-qayta bajariladigan oddiy ishlarni avtomatlashtirish orqali atrofingizdagilarga katta yaxshilik qilishingiz mumkin.

Sizning fikringizcha yana qanday asboblarni tizimda jamlash mumkin? Shaxsan Sizga qanday vazifani bajaradigan, qaysi ishingizni osonlashtiradigan asbob kerak? Quyidagi fikr bildirish formasi orqali o’z fikringizni yozib qoldiring!

Abituriyentlar uchun test formulalari

Javob qoldirish

Email manzilingiz hech kimga ko'rsatilmaydi.Majburiy bo'limlar belgilangan *

*