Bosh sahifa / Shaxsiy rivojlanish / Clash of Clans o’yinining haqiqiy hayotga yaqinligi

Clash of Clans o’yinining haqiqiy hayotga yaqinligi

Bu haqida yozishni istamaganligimga ikkita sabab bor: birinchidan, nima demoqchi ekanligimni hamma ham tushunavermasligi mumkin (ayniqsa Clash of Clans o’yinini o’ynamaganlar); ikkinchidan, meni yaqindan taniydigan va ba’zan mulohaza qilishda oshirib yuborishimni biladiganlar yana narsalar mohiyatini talqin qilishda juda chuqurlashib ketganligimni eslatishlari mumkin. Shunga qaramasdan bugun Clash of Clans o’yinining haqiqiy hayotga yaqin jihatlari haqida o’z qarashlarimni bayon qilmoqchiman.

Bilmaganlarga ma’lumot sifatida: Clash of Clans dunyo bo’yicha internet orqali o’ynash mumkin bo’lgan, har bir o’yinchiga bittadan qishloqni boshqarish imkoniyatini beruvchi, o’zaro turli resurslar va imkoniyatlar uchun jang qiluvchi qabilalar kurashiga asoslangan o’yin hisoblanadi. Uni asosan mobil qurilmalarda o’ynashadi. Bugungi kunda Clash of Clans o’yinini millionlab o’yinchilar o’ynashadi. Shu jumladan kamina ham bu o’yinni bir yildan buyon o’ynayotganlar sirasiga kiraman.

Clash of Clans o’yini atrofida shovshuvli mish-mishlar ko’p bo’lgan. Ayniqsa o’yinning musulmonlarga qarshi jihatlari borligi haqidagi gaplar va tahminlar bu o’yinga ortiqcha e’tiborni jalb qildi. SuperCell kompaniyasi tomonidan qayta ishlab chiqilgan o’yinning yangi grafikasi bu kabi diniy aloqadorlikka ega shubhalarga barham berdi.

Clash of Clans o’yini va uning haqiqiy, real hayotimizga mazmunan qanchalik yaqin ekanligi haqida ko’plab maqolalarni o’qishingiz mumkin. Ushbu maqolada o’yinning shaxsiy kuzatishlarimga ko’ra real hayotga yaqin jihatlari haqida yozmoqchiman. Demak, kaminaning fikriga ko’ra Clash of Clans o’yini quyidagi sabablarga ko’ra haqiqiy hayotga mazmunan yaqin:

Yoki tanga yoki daraja

O’yinda ishtirokchilar bir-biriga hujum qilishar ekan, asosan ikkita maqsad bilan jangga otlanishadi: yoki iloji boricha ko’proq o’lja (tanga)ni qo’lga kiritish uchun, yoki raqibini to’liq mag’lub qilgan holda o’z darajasini ko’tarib olish uchun. Odatda o’lja uchun hujum qilayotganlar o’ziga keraklichasini olib bo’lgandan keyin jangni tark etishadi, yoki g’olib bo’lish haqida qayg’urishmaydi. Aksincha, daraja masalasi ahamiyatli bo’lgan o’yinchilar o’ljaga e’tibor qilishmasdan, faqat raqib ustidan g’olib kelishga harakat qilishadi. O’yinning bu holatda tuzilishi menga haqiqiy hayotdagi materializm va ruhiy yuksalishga nisbatan insonlarning guruhlanishini eslatadi. Kimlardir moddiy narsalar uchun kurashsa, kimlardir ruhiy yuksalish va oliy darajalar uchur kurashadi.

Boylik va daraja

O’yin ishtirokchilarining qishloqlarini kuzatsangiz, ko’pincha hashamatli qishloqqa ega, ko’p boyligi bor o’yinchilarning darajasi past bo’lib, daraja uchun o’ynaydiganlarning reytingdagi o’rni ancha yuqorida, ammo qishloqlari avvalgilariga nisbatan sustroq rivojlanadi. Balki faqat menga shunday tuyular, bu masalada xato fikrlayotgan bo’lishim ham mumkin, ammo o’yinda moddiy resurslar va reytingdagi darajaning shakllanishida ikki xil usulda harakatlanish mavjud.

Harakatda – baraka

O’yinchilarning qishloqlarida resurslarni ishlab chiqaradigan konlar bor. Ular ma’lum vaqtda ma’lum miqdordagi resurslarni chiqarib turadi. O’yinchi hech kimga hujum qilmasdan, shunchaki o’yinni harakatsiz kuzatib tursa, resurslar tabiiy holatda sekinlik bilan yig’ilaveradi. Yig’ilayotgan resurslarni boshqa o’yinchilar qishloqqa hujum qilib, olib ketishlari xavfi ham bor. Ammo o’yinchi boshqa qishloqlarga hujum qilsa, resurslarni yig’ish uchun faol harakat qilsa, uning resurslari tezroq ko’paya boshlaydi. Hayotda ham aslida shunday. Yashash uchun harakat qilmaydigan, intilishsiz odam ochlikdan o’lib qolmasligi mumkin, ammo hech qachon harakat qilgan odamchalik farovonlikka erisha olmaydi.

Har narsaning qiymati bor

O’yinda ishtirok etsangiz Clash of Clansda nimagadir erishish uchun qanaqadir to’lov to’lashingiz kerakligini tushunasiz. Ba’zan tanga, ba’zan boshqa biror resurs evaziga nimanidir rivojlantirasiz (qurasiz). Bundan tashqari har bir narsaning qurilish (rivojlantirilish) jarayoni ma’lum vaqt oladi. Arzimas narsalardan boshqa hech narsaga darhol erishmaysiz. Natija olish uchun resurs sarflashingiz, ma’lum vaqt sabr bilan kutishingiz talab etiladi.

Clash of Clans o’yinining men sezmagan yoki bu yerda yozishni ma’qul ko’rmagan hayotiy jihatlari ko’p. Ba’zi personajlarning real hayotiy nusxalaridan boshlab voqelik rivojining eng kichik detallarigacha haqiqiy hayotga mos tushishi o’yinning real hayotga imkon qadar yaqinlashtirib yasalganligida bo’lishi ham mumkin. Bu narsa maxsus shu yo’nalishda tayyorlanganmi, yoki men juda chuqurlashib ketayapmanmi – bilmadim. Xullas, men bu o’yinda haqiqiy hayot bilan bog’liqlikni boshqa o’yinlarga nisbatan ko’proq his qilaman.

Balki Sizda ham shu o’yin xususida fikrlar bordir? Hayotiy tarzda tayyorlangan boshqa o’yinlar haqida fikr bildirmoqchimisiz? Quyida fiklaringizni kutib qolamiz.

Abituriyentlar uchun test formulalari

Bitta fikr

  1. Men Stronxild crusader III o`yinini haqiqiy hayotga yaqin deb bilaman bu o`yin ham xuddi clash o`yiniga o`xshaydi faqat farqi strategiyaning o`zgarishida menga maqolarlaringiz yoqadi sizdan iltimos internetda pul ishlash haqida sahifalaringizni kutib qolaman va yana youtubda qanday qilib pul ishlashni ham yozsangiz!!!

Javob qoldirish

Email manzilingiz hech kimga ko'rsatilmaydi.Majburiy bo'limlar belgilangan *

*