Bosh sahifa / Shaxsiy rivojlanish / Bizning fikrimizga ko’ra risoladagi jamoa nizomi

Bizning fikrimizga ko’ra risoladagi jamoa nizomi

Yaqinda jamoamiz uchun barcha a’zolar amal qilishi shart bo’lgan ichki nizom tashkil etib, tasdiqladik. Biz dasturchilar va internet asosidagi tijorat vakillari bo’lganligimiz sababli korxonamiz va jamoamiz asosiy nizomi ham dasturchilarga mos qilib tuzildi. Bilasizki, dasturchilarning har biri o’zi istagan vaqtda, o’zi istagan joydan turib internet orqali ishlaydi. Bunda ish samaradorligini ta’minlash, saytlarning tayyorlanishi, loyihalarning o’z vaqtida sifatli amalga oshirilishini nazorat qilish mushkul vazifa hisoblandi. Hamma uchun bir xil amalda bo’ladigan qoidalar jamlanmasi esa biz uchun tartibni saqlashda yaxshi eslatma bo’ladi. Ushbu ichki nizomimizni saytimda maqola sifatida kim uchundir qiziq bo’lishi mumkin, degan maqsadda e’lon qilishga qaror qildim.

NIZOM

Ushbu hujjat *jamoamiz nomi* jamoasining ichki va tashqi muomalalarining me’yoriy nizomi hisoblanadi.

  1. Jamoaning maqsadi:
    1. Ushbu jamoa asl jamoa hisoblanadi, to’da yoki uyushma emas.
    2. Bu jamoada har kim o’zi orzu qilgan narsalarni ko’radi.
    3. Bu jamoadan qutulib ketilmaydi, balki yuksalib ketiladi.
  2. Jamoada bo’lmaydigan narsalar:
    1. katta xo’jayin.
    2. ra’yga ko’ra boshqarish.
    3. katta MEN.
    4. jamoa va a’zolarining haqqiga xiyonat.
    5. assosiz, odobsiz, omma oldida tanqid.
    6. bir-biridan biror narsani kutish va u bo’lmasa undan xafa bo’lish (agar u va’da olmagan bo’lsa).
    7. yolg’on gapirish.
    8. mensimaslik.
    9. berilgan va’daga beparvolik.
    10. mas’uliyatsizlik.
    11. jamoadoshi haqida yomon gumonga borish.
    12. kimnidir bo’g’ish, erkini cheklash.
    13. minnat qilish.
  3. Jamoada bo’ladigan narsalar:
    1. har kim jamoa a’zosi sifatida nizomni jamoa ishlarida va jamoaviy munosabatlarda o’zi uchun asosiy qoida qilib oladi
    2. har kim jamoaga o’zi istagan narsasini beradi, undan ortig’i undan talab qilinmaydi.
    3. har kim jamoadan istagan payti chiqib ketishi mumkin, hech kim bundan xafa bo’lmaydi.
      Har birimizning maqsadimi o’zimiz uchun yaxshi narsalarga ega bo’lish. Agar biror a’zo o’zi uchun boshqa joyni manfaatliroq deb bilsa, bu uning haqqi, ketishi mumkin.
    4. har kim jamoaga istagan payti qo’shilishi/qaytishi mumkin, yangi a’zolar doimo xush qarshilanadi.
      Har bir a’zoning qobiliyat va imkoniyatlari jamoa uchun qadrli, har bir qadrli narsa xush qarshilanadi.
    5. har kimning jamoa tarkibida qilgan ishi o’ziniki hisoblanadi. o’sha paytdagi olingan natija jamoaniki hisoblanadi. u ish (kod/dizayn)ini o’zi istaganday maqsadda va shaklda ishlatishi mumkin.
      1.3 da aytilganiday har bir a’zo jamoadagi faoliyati mobaynida yuksaladi, kasbiy yutuqlarga erishadi va bu yutuqlar uning o’ziniki hisoblanadi. har bir a’zo o’z loyihasiga, o’z portfoliosiga va boshqa jamoalar va kishilar bilan hamkorlik qilish huquqiga ega hisoblanadi. Hech kimni bo’g’ish, erkini cheklash yo’q.
    6. har kim o’z kundalik rejasiga ega bo’lishi mumkin. jamoa uchun 3.1 da ko’rsatilgan narsaga rioya qilsa bo’ldi.
      har bir a’zo boshqa a’zoning shaxsiy rejalarini hurmat qilishi va uning bu rejalarini buzib qo’yishdan saqlanishi, kerak bo’lsa uni amalga oshirishga ko’maklashishga harakat qilishi kerak.
    7. jamoada o’zaro muomalada insoniy qadriyatlarga rioya qilinadi.
      Ish uchun, ra’yimiz uchun, shaxsiy fikrimiz yoki gumonimiz uchun o’z jamoadoshimizni qalbini og’ritishga hech birimizning haqqimiz yo’q.
    8. o’rgatuvchi ustoz, o’rganuvchi shogird hisoblanadi. Har bir ustozning o’z shogirdida haqqi bor. Har bir shogird o’z ustozi bilan munosabatda ushbu haqqa rioya qilishi kerak bo’ladi.
      Anvar aka mening ustozim, menga aynan biror narsani o’rgatmagan, ammo men u kishidan ancha narsa o’rganganman. Shuning uchun ham u kishi men uchun ustoz va munosabatlarimda aka hisoblanadi.
    9. gapni doimo yoshi kattalar boshlaydi.
    10. fikrni doimo yoshi kichiklar avval aytadi.
    11. xulosani jamoa yasaydi.
      fikrlar tinglangach barchaning ko’ngliga o’tirgan, qalbi xotirjam bo’lgan va aqli to’g’ri deb qabul qilgan yechim tanlanadi
    12. shaffoflik: jamoaga tegishli har qanday ma’lumotdan har bir a’zo xabardor bo’lib turishi mumkin.
      Har bir a’zo o’zini jamoa a’zosiday his qilishi uchun jamoa haqida nimani bilmoqchi bo’lsa bilishi kerak bo’ladi.
    13. jamoaga buyurtma olib kelish katta ish hisoblanadi.
      mijozni buyurtmaga ko’ndirish, unga jamoa shunga arzishini isbotlash oson ish emas.
    14. g’oya va yechim baland qiymatda turadi, muallifi buyurtma olib kelgan kishiday ish qilgan bo’ladi.
      yangi buyurtmani qanday yasash, yangi servis, yoki muammo yechimlari – bular ham oson ish emas.
    15. har bir a’zo o’zi uchun nimani yaxshi ko’rsa boshqalar uchun ham shuni yaxshi ko’radi.
      Kim o’zgalar unga qanday muomala qilishlarini yoqtirsa, o’zi boshqa a’zolarga ham shunday muomala qilishni yoqtirishi kerak bo’ladi.
    16. agar jamoaviy majlisda barcha a’zo rozi bo’lsa yordamga muhtoj jamoa a’zosiga yordam berish.
      yordam berish imkoniyati yo’q a’zolar yordam bermasliklari mumkin bo’ladi, 3.1 bandga binoan ularning bunga haqqi bor.
  4. Iqtisodiy tomonlari – ushbu band juda nozik band bo’lganligi sababli quyidagi bandlar shartli hisoblanadi. Mutaxassis fikrlari bilan tanishib chiqib mukammalashtirishga ehtiyoj tug’ilishi mumkin:
    1. Loyiha jami qiymati (mo’ljallanayotgan/tushadigan foyda) 100% hisoblanadi.
    2. Ma’lum foiz jamoa fondi uchun ajratiladi. 3.12 ga binonan loyihadan tushadigan foydaning ma’lum foizi buyurtma olib kelgan a’zoniki hisoblanadi.
    3. 3.13 ga binoan loyihani amalga oshirish bo’yicha yechim va g’oya tuzgan a’zoga loyihadan tushgan foydaning ma’lum foizi tegishli bo’ladi.
    4. loyiha mijozdan birinchi marta qabul qilib olinayotganda muddati aytilmaydi
    5. loyihani jamoa qabul qilish majlisi 3-bo’lim bandlariga binoan bo’ladi. ishni taqsimlash shaxsiy tashabbus bilan amalga oshiriladi.
    6. Qaysi dasturchi/dizayner vaqt ajrata olsa ishni zimmasiga oladi yoki qachon zimmasiga ola olishini aytadi (qachon bo’shashini). Toki barcha ish zimmalarga olingan ekan loyiha jamoa tomonidan qabul qilingan hisoblanadi.
    7. loyihaning o’z muddati aniqlangach, bajaruvchi a’zolarning ishga kirishguncha bo’lgan muddatning eng uzuni – ya’ni qaysi a’zo eng kech ishga kirishsa o’sha a’zoning kuni loyiha muddatiga qo’shilib mijozga aytiladi.
    8. qolgan foizlar majlisda aniqlanadi va ish og’irlik darajasiga ko’ra belgilanadi.

Har bir a’zo yuqoridagi qoidalarga o’z fikrini bildirishga majbur. E’tirozi bo’lmagan har bir a’zo qabul qilgan hisoblanadi va bu bilan yuqoridagi qoidalarga rioya qilish majburiyatini zimmasiga olgan hisoblanadi.

Jamoa a’zolarining etiketi (hulqi):

  1. Rostgo’ylik;
  2. Bag’ri kenglik;
  3. Xush muomalalik;
  4. Halimlik (jahl qilmaslik);
  5. Jamoadoshlar va ularning fikrini xurmat qilish;
  6. Sabrlilik
  7. Tashabbuskorlik
  8. O’z shaxsiy ishlariga ega bo’lish
  9. Shaxsi ustida doimiy ishlash
  10. O’z shaxsiy blogini yuritish

Nizomga taklif kiritish qoidasi:

Taklif shu yerda beriladi, telegramda muhokama qilinadi, va jamoani xamma a’zolaridan roziligi bilan kiritiladi.

Iltimos, ommalashtirishga yordam bering: Share on FacebookShare on Google+Tweet about this on TwitterShare on VKEmail this to someone
Abituriyentlar uchun test formulalari

Muallif Azamat Xodjakov

Men odamlarni ilm olishga ruhlantirishni xohlayman. Kimdir qachondir menga "Sen tufayli shu narsani o'rganib olgan edim", desa, dunyoda mendan baxtli inson bo'lmaydi!

13 ta fikr

  1. jamoangiz bilan shablon tayorlab uni envato bozoriga chiqardilarmi siz bo’lmasa uni ko’rsak bo’ladimi

  2. Assalom qanaqa loyiha u?

    • Bepul reklama bannerlarini almashish tarmog’i: siz saytingizda boshqalarning reklamasini nechi marta ko’rsatsangiz, sizning reklamangizni ham boshqalar shuncha marta o’z saytlarida ko’rsatishadi. To’liq bepul bo’ladi bunaqa banner almashish.

  3. Azamat aka… Yaxshi loyiha! hardoim shunaqa foydali mashg’ulotlar bilan bandsiz! Rahmat!

  4. Azamat aka shu guruhga biz ham qo’shilsak bo’ladimi? Qayerdan va qanday?

  5. Qayerdan qatnashsam bo’ladi, soat nechada, qaysi sayt orqali ? ( Iltimos aniq manzilini ayting, masalan : http://azamat.uz/wp-yordam/)

Javob qoldirish

Email manzilingiz hech kimga ko'rsatilmaydi.Majburiy bo'limlar belgilangan *

*