Bosh sahifa / Sayt tayyorlash / Bir oyda 232 000 dollargacha daromad olish sari yo’l

Bir oyda 232 000 dollargacha daromad olish sari yo’l

Bir qancha vaqtdan buyon shu mavzuga bag’ishlangan ushbu maqolani yozish haqida o’ylab yurgan edim. Chunki so’nggi bir necha oy davomida o’zimning shaxsiy rejalarim, niyatlarim va harakatlarim ham aynan mana shu mavzu atrofida aylanib yuribdi. Shaxsan o’zim bir oyda 232 ming dollargacha foyda ko’rishni xohlayman va bugungi kunda ma’lum talablarni qanoatlantirgan holda bu miqdordagi pulni ishlab topish ertak emas, 100% haqiqatga to’g’ri keladigan reja ekanligidan juda xursandman.

Men ThemeForest saytida WordPress shablonlarini sotish orqali pul ishlab topish to’g’risida yozmoqchiman. Envato bozorining hozirgi eng yaxshi sotilayotgan shablonlari ko’rsatkichiga qaraganda ushbu platformada bir oyda 232 000 AQSh dollari miqdorigacha bo’lgan pulni ishlab topish mumkin ekan. Mening bu bozorda sotiladigan maxsulotlarim bu qadar muvaffaqiyatga erisha olmay, o’rta darajadagi maxsulot sifatida sotilib, bir oyda 8 000 dollargacha foyda keltirsa ham, bu usulda pul ishlab topish men uchun hozirga qadar eng yaxshi faoliyat bo’lib hisoblangan bo’lardi. Agar Sizning hozirgi daromadingiz bir oyda 8 ming dollardan ko’proq bo’lsa, ushbu maqolaning davomini o’qib vaqtingizni bekorga sarflamang. Chunki bu maqolada aytiladigan usul bilan Sizga o’rta xisobda faqat shu miqdorgacha kafolatlangan daromad olish yo’lini o’rgata olaman. Men kabi bu usulda yaxshi daromad olishni niyat qilganlar bilan esa keyingi masalalar haqida fikrlashamiz.

Bilaman, maqolalarimning birida (to’g’rirog’i bir maqolaning ma’lum bir qismida) bu to’g’risida qisqacha yozgandim. Ammo hozirgi yozayotganlarim avvalgi maqolada boshlab qo’yilgan fikrning to’liqroq ifodasi bo’ladi. Envato bozori va ThemeForest shablonlar bozori ko’pchiligimiz uchun notanish bo’lishi mumkin. Shuni hisobga olgan holda barchasini eng sodda tushunchalardan boshlab yozaman.

Envato bozori bugungi kunda elektron maxsulotlarni sotishning internetdagi eng katta maydoni hisoblanib, dunyo bo’ylab minglab iqtidorli kishilar o’zlari tayyorlagan elektron maxsulotlarni shu yerda sotishadi va millionlab haridorlar eng sifatli, eng sara, eng chiroyli maxsulotlarni tanlab harid qilishadi. Hozirgi vaqtda Envato bir necha maxsus yo’nalishga ixtisoslashgan savdo maydonlarini birlashtirib turuvchi katta bozor hisoblanadi. Envato bozorining o’zi bir necha yo’nalishli bozorchalarga bo’linadi. Envato tarkibiga kiruvchi bozorchalarning to’liq ro’yxatini Envato Market sahifasida ko’rishingiz mumkin. Envato tarkibiga kiruvchi ba’zi bozorlar bilan tanishtiraman:

ThemeForest – ingliz tilida “Shablon o’rmoni” degan ma’noni anglatuvchi bu nomga ega bo’lgan bozorda turli tizimlar uchun shablonlar sotiladi. Unda WordPress, Joomla, Drupal va hokazolar uchun shablonlarni sotishingiz yoki harid qilishingiz mumkin. Bundan tashqari bu bozorda shablonga oid boshqa narsalar: sayt shablonlari chizilgan Photoshop fayllari, turli HTML ko’rinishlar, ko’pchilik mashxur skriptlar uchun stillar va hokazolar sotiladi.

Mening qiziqishim va rejalarim WordPress shablonlari bilan bog’liq bo’lganligi sababli ThemeForestga ko’proq qiziqaman. Bu yerda men va Siz kabi oddiy odamlar hayratlanarli miqdordagi pulni bir necha kun yoki haftada ishlab topishayapti.

CodeCanyon – turli skriptlar, plaginlar, modullar va CMSlar uchun qo’chimcha imkoniyat taqdim etuvchi dasturlar sotish bozori. Bu bozor faqat kod sotishga ixtisoslashgan. Agar yaxshi dasturchi bo’lsangiz, o’zingizning yozgan kodlaringizni ushbu bozorda sotishingiz mumkin.

VideoHive – bu bozorda video va videoga bog’liq maxsulotlar sotiladi. Video montajga qiziqasizmi? Video kamerada sifatli video roliklar tushira olasizmi? Video ustasimisiz? Unda bu bozor aynan Siz uchun. O’zim video montajga juda yaxshi tushunmayman, ammo VideoHiveda yaxshi roliklar, video proyektlar sotilishini ko’rganman.

AudioJungle – ingliz tilidan “Audio Changalzori” deb tarjima qilinishidan ham bilsa bo’ladiki, bu bozorda audio maxsulotlar sotiladi. Bu yerda turli ovozlar, musiqalar, skitlar, parchalar va boshqa audio va audio montajga oid fayllar sotiladi. Bu turdagi fayllar nima uchun ishlatilishini ovoz yozish studiyasida ishlaydiganlar yoki ovoz montajiga qiziquvchilar mendan yaxshiroq tushunishadi. AudioJungleda ham savdolar juda yaxshi. Saytga o’zingiz kirib, guvoh bo’lishingiz mumkin.

GraphicRiver – “Gravika Daryosi”. Bu bozorda kompyuterda tayyorlangan grafika sotiladi. Eng sara logo dizaynlar, vizitka kartochkalari dizaynlari, flayerlar, afishalar dizaynlari va hatto telefon interfeyslari dizaynlari ham shu yerda sotiladi. Agar Siz Photoshop va Illustrator dasturlarida juda yaxshi ishlay olsangiz, bu bozor Sizning maxsulotlaringiz uchun eng yaxshi joy!

PhotoDune – yuqori sifatli fotosuratlar bozori. Bu yerda turli manzaralar, narsa-buyumlar, odamlar va hayvonlarning fotosuratlarini topishingiz mumkin. Professional fotosuratchilar bu yerda juda yaxshi pul ishlab topishsa bo’ladi.

3dOcean – 3D va unga aloqador turli fayllar savdosi. Menimcha 3D proyektlar bir necha dasturlarda tayyorlanadi ammo tahminimcha eng ko’pi ishlatiladigani 3D Max dasturi. 3D okeanida ham shu turdagi dasturlar proyektlari, turli grafikalar va tayyor 3D loyihalar sotiladi.

Activeden – Flash va Unity 3D fayllari sotiladigan bozor. Bu yerda turli yo’nalishdagi Flash va Unity fayllarini sotishingiz yoki harid qilishingiz mumkin.

Envato tarkibiga kiruvchi yuqorida aytib o’tilganidek bozorlarda o’z yo’nalishiga mos fayllar har kuni millionlab dollar aylanma bilan sotiladi. Envato o’z maxsulotlari va platformasini internetda juda yaxshi reklama qila olgan va shuning uchun ham ushbu bozorning mijozlari juda ko’p. Bu yetarlicha iqtidorga ega bo’lgan, o’z yo’nalishiga mos bozorda o’zining sifatli maxsulotlarini sotayotgan mualliflar uchun ayni muddao! Shunchaki o’zingizga mos bozorni tanlang, eng sara fayllaringizni yuklang va kunlik savdolardan olgan daromadingizni sanang!

Yuqorida aytib o’tganimdek, mening qiziqishim – WordPress shablonlari. ThemeForest bozori boshqa tizimlar shablonlari bilan bir qatorda asosan WordPress shablonlari savdosi bilan shug’ullanishini hisobga olgan holda bundan keyingi yozadiganlarim ThemeForestda WordPress shablonlarini sotish bilan pul ishlash haqida bo’ladi. Boshlanishiga bizdan ancha oldin ThemeForest bozoriga kirgan, o’z maxsulotlarini muvaffaqiyatli sotayotgan va yaxshigina foyda ko’rayotgan akalarimizning tajribalarini o’rganamiz 🙂 Avval ThemeForest interfeysi bilan bir oz tanishaylik:

ThemeForest.net saytiga kirganimizda asosiy menyuda WordPress, HTML, CMS va hokazolar kabi bir necha bo’limlar ko’rsatiladi. Biz WordPress bo’limini tanlaymiz va asosiy qismda hozirgi vaqtda sotuvda bo’lgan WordPress shablonlari, ularning narxlari, shu vaqtga qadar nechta sotilganligi va hokazo ma’lumotlarni ko’ramiz.

Yuqoridagi rasmda ro’yxat uchun men maxsulotlarni “Eng ko’p sotilganlik bo’yicha” ko’rsatganman. Siz birinchi marta saytga kirganingizda maxsulotlar yangiligiga ko’ra tartibda ko’rsatilgan bo’ladi. Ehtimol, eng yangilari birorta ham sotilmagan bo’lishi mumkin.

Siz yuqorida ko’rib turgan shablonlar ro’yxatining eng birinchi o’rnida turgan, hozirga qadar ThemeForestda eng ko’p nusxada sotilgan Avada shabloniga e’tiboringizni qarating. Shablon narxi 58 dollar va hozirga qadar 144325 dona sotilgan. Uning to’liq ma’lumotlarini ko’rish uchun tema yorlig’i yoki nomi ustiga bosamiz. Natijada quyidagi ko’rinish ochiladi:

Ko’rinishdagi qizil bilan belgilangan ma’lumotlardan quyidagilarni bilib olamiz: Avada shabloni ThemeForestda bir dona nusxasi 58 dollardan sotilayapti va yuqoridagi rasm tushirilganga qadar uning 144329 dona nusxasi sotilgan (ehtimol Siz ushbu maqolani o’qiguningizcha bundan ham ko’proq nusxalar sotilar). Avada shabloni birinchi marta ThemeForest bozoriga 2012-yilning 16-avgust kuni yuklangan (sotila boshlangan). Endi shablonning umumiy daromadini hisoblaymiz:

Hozirga qadar 144329 dona sotilgan 58 dollar qiymatga ega shablon:

144329 x 58 = 8 371 082

Siz ham hozir kalkulyatorni ochib, ko’paytirish amalini yuqoridagidek bajarishingizni tavsiya etaman. Ko’rinib turibdiki, shablon shu vaqtga qadar 8 million 371 ming 082 dollar daromad keltirgan. Bitta WordPress shablonini tayyorlash bilan 8 million dollar daromad ko’rishni tasavvur qila olasizmi?

Albatta, bu shablon bir kun yoki bir haftada 144329 dona sotilmagan. Shablonning sotuvga chiqarilgan vaqtiga e’tibor qarating: 16-avgust, 2012-yil. Hozirga qadar 36 oy o’tgan, deb hisoblaymiz. Shablon keltirgan umumiy daromad summasini 36 oyga bo’lamiz:

8371082 / 36 = 232 530

Oylik hisobda ko’rganimizda shablon bir oyda 232 yarim ming dollar daromad keltirganini ko’ramiz. Bir oyda 232 000 dan oshiq daromad qanchalik darajada yaxshi bo’lishi mumkin?

Keling, real o’ylab ko’ramiz va bu shablonni bir kishi tayyorlamagan, bir studiya, bir guruh odamlar tayyorlagan, deb hisoblaymiz. Bu shablonni 10 kishidan iborat studiya tayyorlagan bo’lsin va umumiy daromadni studiyaning har bir a’zosiga bo’laylik:

232 530 / 10 = 23 253

Studiya a’zosining har biri (agar ular 10 ta bo’lsa) 2012-yildan buyon har oyda 23 253 dollardan daromad olgan ekan. Bunday oylik bilan kun kechirsa bo’ladimi? 🙂

Yanada aniqroq xisob uchun bu summadan 10 ming dollarini soliqlar, pulni olishga ketgan xarajatlar va boshqalar uchun HAR BIR KISHIDAN ajratib olamiz. Natijada studiya a’zolarining har biri bir oyda 13 253 dollardan foyda ko’rgan bo’ladi. Maqola boshida mo’ljalimiz 8 ming dollar edimi? Ha, Avada shablonida bir oz ko’proq bo’layapti. Men shablonimizni Avada singari mashxur bo’lmay qolishi mumkinligini ham hisobga olgan edim. 🙂

Odatda bunday maqoladan keyin yaxshigina daromad olish usuli haqida o’rgangan har qanday odamda bir nechta qarshi savollar paydo bo’ladi. Menimcha hozir Sizda “Bu pullarni qaysi yo’l bilan olaman?”, “O’zbekistonda turib ThemeForestda ishlab topilgan pullarni olish mumkinmi?” degan savollar paydo bo’ldi. Menda ham huddi shu savollar paydo bo’lganda Envatoga mendan ancha oldin qiziqqan, O’zbekistonda istiqomat qiluvchi, GraphicRiver bozorida o’z maxsulotlarini Naqqosh niki ostida sotuvchi do’stimizdan so’ragan edim. U Envatodagi pullarini avval Skrillga o’tkazishini, Skrilldan esa Webmoneyga jo’natishini, shundan so’ng Webmoneyni naqd qilib olishini hamda bank orqali olishga nisbatan ko’proq foiz yo’qotishini aytgandi. Men uchun bu usul bir oz chalkash tuyuldi. Fikrimcha, Envatodagi pulni O’zbekistondagi tashqi iqtisodiy faoliyat banklarida xisob raqam ochtirib, unga bank o’tkazmasi (WIRE) sifatida o’tkazib olish qulayroq. O’zbekistonda bank orqali dollar hisobida pul olinayotganda qancha miqdorda ushlanmalar bo’ladi yoki necha foiz soliq to’lanishi haqida hozircha so’rab bilganim yo’q. Ammo bu haqida Sizga istalgan tashqi iqtisodiy faoliyat banki ma’lumot berishi mumkin. Har qanday holatda Envatoda ishlab topilgan pulni O’zbekistonda turib yechib olish mumkin.

Xullas, men mana shu usuldagi qonuniy, arzirli va eng muhimi o’zimga juda yoqadigan ish bilan daromad ko’rish niyatida harakat qilayapman. Albatta, qachondir mening shablonim ham ThemeForest bozorida sotiladi. Men bu ishni bir o’zim qila olmasligim aniq. Shuning uchun o’zimga kelajakda hamkor bo’la oladigan, WordPress shablonlari tayyorlash studiyasining haqli a’zosi darajasiga yeta oladigan shogirdlar izlayapman. Balki bu yo’lda o’zimdan ancha tajribaliroq ustalar bilan ham tanisharman. Ularni tezroq topish, WordPress haqida o’z bilganlarimni boshqalarga ham o’rgatish, men kabi WordPress shablonlari (yoki boshqa narsalari) tayyorlash bilan daromad ko’rish niyatida bo’lgan yoshlarga imkoniyat yaratib berish maqsadida WordPresschi.uz saytini tashkil etdim. Kelajakda bu saytda WordPressning o’zbek tilidagi to’liq qo’llanmasi, darslari va albatta shablonlar tayyorlash haqidagi maqolalar tayyorlanishi rejalashtirilgan. Agar Sizda ham ThemeForestda shablonlar sotish orqali daromad ko’rish niyati paydo bo’lgan bo’lsa, bugundan harakatingizni boshlang va WordPress, sayt tayyorlash hamda dizayn bo’yicha tajribangizni oshirishga harakat qiling.

Ishni nimadan boshlash kerak? Nimlarni o’rganish kerak?

WordPress shablonlarini tayyorlash uchun jamoa bo’lib ishlash kerak bo’ladi. Bunday jamoa kamida 4 vazifadagi kishidan iborat bo’lishi kerak: dizayner, verstka qiluvchi, web dasturchi va boshqaruvchi. Bu vazifadagi har bir kishida quyidagi bilim va ko’nikmalar bo’lishi shart:

  • ingliz tilini yaxshi darajada bilish (asosan o’qib tushunish va yozish);
  • saytlar dizayni haqida bilish;
  • ranglar psixologiyasi, umumiy dizayn haqida tushunchaga ega bo’lish;
  • kamida HTML/CSS ko’nikmalariga to’liq ega bo’lish;
  • kompyuter va internetda a’lo darajada ishlay olish;
  • qat’iy qoidalar asosida, belgilangan vaqtda ishlash;
  • jamoa bilan bir tan-u jon bo’lib harakat qila olish;
  • jamoaning har bir boshqa a’zosidagi kamchiliklarni yopish.

Jamoadagi har bir kishining o’z ishi bo’ladi. WordPress shablonlarini tayyorlash jarayonida quyidagi vazifada bo’lgan kishilar mana bu ishlarni bajarishadi:

Dizayner – saytning dizaynini chizadi. Buning uchun u hozirgi zamonaviy saytlar dizayni, tipografiya (shriftlar mosligi), ranglar va dizayn psixologiyasini yaxshi o’rganib, yetarli tajribaga ega bo’lishi shart. Shablonning ko’rinishi haridorlarni jalb qilishning birinchi omili hisoblanadi. Shunday ekan, asosiy, birinchi navbatdagi mas’uliyat dizayner zimmasiga tushadi. Dizayner shablonni Photoshop dasturida chizganligi sababli ushbu dasturda a’lo darajada ishlay olishi kerak.

Verstka qiluvchi – Dizayner chizib bergan shablon rasmini HTML/CSS/JavaScript yordamida brauzerda ko’rinadigan, responsive (moslashuvchan) HTML shablonga o’giradi. Bunda u HTML/CSS va JavaScript bo’yicha to’liq ma’lumotga ega bo’lishi, HTML shablonlar yasashda usta bo’lishi shart. Hozirgi zamonaviy shablonlarning barchasi responsive – ham kompyuter, ham mobil qurilmalardan kirilganda o’z ko’rinishini avtomatik o’zartiradi / moslashadi. Bu xususiyat shablonga aynan verstka qiluvchi tomonidan beriladi. Verstka qiluvchi kishi HTML fayllarni barcha talablarga ko’ra yozishi, validatorlar tekshiruvidan o’tkazib tugatishi zarur. CSS fayllar ham tartibli, tushunarli va standartlarga mos ravishda yozilishi kerak. Dizayner shablon ko’rinishiga qanchalik mas’ul bo’lgan bo’lsa, verstka qiluvchi shablonning dasturiy jihatdan sozligiga shunchalik javobga hisoblanadi.

Web dasturchi – tayyor verstka qilingan HTML fayllarni WordPressga moslab, tayyor shablon ko’rinishiga keltiradi. Bunda tayyorlangan shablon WordPress tizimiga to’liq mos bo’lishi, barcha talablar qanoatlantirilgan holda shablonning har bir funksiyasi rejalashtirilganidek ishlashi zarur. Dizayner va verstka qiluvchi ishidan keyingi shablon tayyor holga kelgunicha bo’lgan barcha ishlarni web dasturchi qiladi. Ish davomida shablonda uchrashi mumkin bo’lgan kamchiliklar tuzatilib ketilishi mumkin, ammo har bir kishi o’z ishini shu darajada yaxshi bajarishi kerakki, imkon qadar tuzatishlar uchun zarurat bo’lmasligi kerak.

Boshqaruvchi – dizayner va dasturchilar ishlarini taqsimlaydi, ishning umumiy borishini nazorat qiladi, muxlat belgilaydi va tayyorlanayotgan shablonning har jihatdan ThemeForestga mosligini kuzatib boradi. Tayyor bo’layotgan shablonga foydalanuvchi qo’llanmasini yozish, shablonning platformaga sotish uchun chiqarish, shablonni harid qilgan haridorlar bilan hariddan keyin va hariddan oldin ishlash va shunga o’xshash tashkiliy masalalar boshqaruvchi zimmasida bo’ladi. Boshqaruvchi ingliz tilida boshqalarga nisbatan yaxshiroq muloqot qila olishi zarur.

Albatta, bitta shablon ustida bundan ham ko’proq odamlar ishlashi mumkin. Qanchalik ko’p usta loyiha ustida bosh qotirsa, uning mukammal bo’lishiga imkoniyat ham shunchalik ko’p bo’ladi. Yana bir marta ta’kidlash kerak, ishda har bir kishi o’z vazifasini qoyilmaqom tarzda bajarishi zarur.

Agar Siz ham bu ishga qiziqqan bo’lsangiz, kelajakda men bilan hamkorlikda ishlashni, o’rganishni xohlasangiz bog’lanishingiz mumkin. Hech narsani bilmaydigan o’rganuvchilar uchun vaqt ajrata olmayman, ammo o’z ustida ishlab, tajriba orttirib, mustaqil ravishda nimadir ish ko’rsata olishini isbotlaganlar bilan hamkorlik qilishdan, bilganlarimni o’rgatishdan xursand bo’laman. O’zingiz mustaqil o’rganishingiz uchun barcha imkoniyatlar bor. WordPress haqida eng sodda tushunchalardan murakkablarigacha shu saytning WORDPRESS bo’limida yozib boraman. Ushbu bo’lim WordPress tizimini o’zbek tilida o’rganuvchilar uchun o’zbek tilidagi birinchi maktab bo’ladi, degan umiddaman. O’rganishni boshlamoqchi bo’lganlar quyidagilarni amalga oshirishlari kerak:

  • Ushbu saytning WORDPRESS bo’limidagi o’zbek tilida beriladigan darslarni o’rganish, savol-javoblarda ishtirok etish, bilmaganlarini so’rash va bilganlarini boshqalarga o’rgatish;
  • Ingliz tilini mukammal darajada o’rganish. Kerak bo’lsa repetitorga borish. Til ko’nikmasi bo’yicha o’z ustida ishlash, ko’proq o’qish;
  • Saytlar va dizayn sohasida eng so’nggi yangiliklarni kuzatib borish;
  • Yangiliklarga tayyor bo’lish. Yaratuvchan fikrlashga ega bo’lish. Doim yangilikka intilish. Mavjud narsalarni o’zgartirib ko’rishga qiziqish;
  • Ko’pchilik oddiy odamlardan o’zgacha fikrlash. Odatiylik tomonidan muxrlangan qutidan tashqariga chiqib fikrlashdan qo’rqmaslik;
  • Ijobiy fikrlash, yaxshi niyat qilish. Har qanday qiyinchilikda ham “Men albatta uddalayman!” degan fikrda harakat qilish.

Barcha ozrularimizga erishishimizning imkoni bor. Avvalgidan bir oz ko’proq harakat qilsak, doimgidan ancha ko’proq yutuqlarga erishamiz. Yuqorida aytib o’tilgan reja va orzularga ham erishish mumkin. Agar Siz ham hayotingizni yaxshi tomonga o’zgartirmoqchi bo’lsangiz, kelajagingizda Sizga juda ko’p yordami tegadigan foydali ilm o’rganishga ahd qilgan bo’lsangiz biz bilan birga o’rganing!

O’zbekistonlik bo’lajak WordPresschilarni kutaman.

Abituriyentlar uchun test formulalari

61 ta fikr

  1. bu saytlardan qanday qilib sotib olsa bo’adi Uzcard orqali iloji bormi

  2. Kamronbek Juraev

    Salom, Azamat aka. Man hozir Inhada uqiman. HTML,CSS tillarini ni bilaman. sayt tuziwga kunikmam bor. Inglis tilim zur (IELTS 6.5). Siz bilan birga iwlamoqchiman. Bu saytga kup kirmayman. Shunga, agar iloji busa pochtamdan habar junating.

  3. Assalomu alaykum Azamataka man jizzaxdan sherzod bulaman telegram tel orqali gaplashuvdik esizdami?
    Aka man dvd shablon yaratdim envato yani GraphicRiver ga joyladim lekin hali nimagadur sayitga mahsulotnimni chiqarishmadi 1kun buldi hamma qoidalariga asosan upload qildim iltimos yordam bering iloji bulsa batafsilroq.oldindan raxmat.

Javob qoldirish

Email manzilingiz hech kimga ko'rsatilmaydi.Majburiy bo'limlar belgilangan *

*