Bosh sahifa / Shaxsiy rivojlanish / 2017-yilgacha o’rganishingiz kerak bo’lgan 6 ta ko’nikma

2017-yilgacha o’rganishingiz kerak bo’lgan 6 ta ko’nikma

Tez kunlarda maktab o’quvchilari va litsey/kollej talabalari uchun yozgi dam olish ta’tili boshlanadi. Yoz kunlarini bekorchilik bilan o’tkazishni istamagan, ta’tilda kelajagi uchun foydali bilim-ko’nikmalarni o’zlashtirishni reja qilgan yoshlar uchun yilning bu vaqti ayni muddao hisoblanadi! Darslardan bo’sh bo’lgan har bir o’quvchi, talaba kelajagi uchun sarmoya kiritish haqida o’ylashi shart, o’zida mavjud bo’lgan bo’sh vaqtning har bir daqiqasidan unumli foydalanish payida bo’lishi kerak.

Ushbu maqolada kelasi 2017-yilga qadar o’zlashtirishingiz o’zingiz uchun juda foydali bo’ladigan 6 ta ko’nikma haqida yozmoqchiman. Nega 2017? Hozir biz yilning teng yarmida turibmiz, yangi yilning kelishiga hali yarim yil vaqt bor. Sizda esa vaqtdan muammo yo’q – yozgi ta’tildagi vaqtingizning o’zingiz istagan ishga sarflay olasiz! Shunday ekan, keling Siz uchun yarim yillik maqsadni reja qilamiz: Siz joriy yozgi ta’tildan boshlab toki yangi yilning kirib kelishigacha ushbu maqolada keltirilgan 6 ta ko’nikmani imkon qadar mukammal egallaysiz. Natijada esa, mehnatlaringiz samarasi sifatida, hali talabalik yoki o’quvchilikni tugatmasdanoq internet orqali dasturchi sifatida ishlashingiz mumkin bo’ladi. Bundan tashqari o’rganish davomida dunyoqarashingiz kengayib, mantiqiy fikrlash bo’yicha yangi bosqichlarga ko’tarilishingiz mumkin.

2017-yilga qadar quyidagi texnologik ko’nikmalarni mukammal o’zlashtirishni o’z oldingizga maqsad qilib oling:

1. KOD YOZISH. Qaysi dasturlash tilida kod yozishni o’rganishingiz katta ahamiyatga ega emas. Muhimi – kod yozishni o’rganishingiz kerak. Kod – bu insonlar o’zaro muloqotda ishlatadigan tilning kompyuter tushunadigan tarjimasi hisoblanadi. Kod yozish orqali kompyuteringiz, har qanday qurilmangiz bilan muloqotga kirishishingiz, unga qanday ishlarni bajarish kerakligini to’g’ridan-to’g’ri buyurishingiz mumkin.

Ishni oddiy HTML va CSS kodlarni yozishdan boshlang. Ularni o’rganishingizda w3schools.com sayti yaqindan yordam beradi. Hozirgi kunda Anvar Ulug’ov ham o’z blogi orqali HTML/CSS ko’nikmalarini bepul, o’zbek tilidagi darslar orqali o’rgatib kelmoqda. Imkoniyatdan foydalaning va kod yozishni bugundanoq o’rgana boshlang!

2. MA’LUMOTLAR BAZASI BILAN ISHLASH. Ma’lumotlar bazasi katta hajmdagi axborotlarni tartiblash, saqlash, o’zgartirish va kerak vaqtda tezlik bilan topish uchun ishlatiladi. Ma’lumotlar bilan ishlash hamma sohada bor: sayt tayyorlashda ham, Android dasturlar yaratishda ham, tizimlarni tashkil etish va boshqa har qanday ishda ham. Ma’lumotlar bazasi bilan ishlashni bugundan boshlab o’rgansangiz, 2017-yilga kelib o’zingiz mustaqil baza tashkil eta oladigan, biror dasturlash tili vositasida uni boshqara oladigan bo’lasiz. Kelajakda dasturchi bo’lib yetishmasdan butunlay boshqa soha vakiliga aylansangiz ham ma’lumotlar bazasi bilan ishlash ko’nikmasi Sizning kasbiy faoliyatingizda albatta kerak bo’ladi.

Ishni oddiy MySQL bazasi bilan ishlashni o’rganishdan boshlang. w3schools.com saytidan bu ko’nikmani o’rganishga oid yaxshi darslarni topishingiz mumkin.

3. BULUT TEXNOLOGIYASI (CLOUD COMPUTING). Bir necha yildan beri rivojlanishda davom etib kelayotgan cloud (bulut) texnologiyasi bir necha o’y yillikdan keyin odatiy texnologiyaga aylanishi va usiz hech bir sohani tasavvur qilib bo’lmay qolishi aniq. Chunki hozirdanoq dunyoning eng rivojlangan kompaniyalari bu texnologiyaga asosiy manba sifatida tayanishmoqda.

Bulut texnologiyasini o’rganish uchun alohida kurs darslarini yozircha uchratganim yo’q. Ammo Google orqali izlab cloud computing, cloud technology haqida ko’plab ma’lumotlarni topishingiz mumkin. Bu texnologiyani o’rganish ko’proq o’zingizning izlanishingizga asoslangan holda amalga oshirilishi mumkin.

4. MOBIL TEXNOLOGIYA. Uyali aloqa va mobil qurilmalar bizning kelajagimiz ekanligini hozirgi kunda hech kim inkor etmaydi. Kelajakda kompyuterlardan vos kechib to’liq mobil qurilmalar asosida ishlaydigan bo’lishimiz ham hech gap emas. Shunday ekan, mobil texnologiyalarni mukammal bilgan mutaxassislarga kelajakda juda katta pul to’lanadigan ishlar taklif qilinishini tahmin qilish qiyin emas.

Hozirgi kunda Sizda imkoniyat bor: vaqtingizni behuda sarflamasdan Android, iOS texnologiyalarini mukammal o’rganib olsangiz, bir kun kelib O’zbekistonda mobil texnologiyalar bo’yicha yetakchi mutaxassis bo’lib yetishishingiz mumkin. Bu esa deyarli hamma orzu qiladigan, ammo hamma ham yetisha olmaydigan eng nufuzli kasblardan biriga ega bo’lishingizni anglatadi.

5. MA’LUMOT VIZUALIZATSIYASI. So’nggi yillarda infografiklardan keng foydalanila boshlanganligini sezdingizmi? Infografik ma’lumotlar internetni 2017-yildan keyingi bosqichlarda to’liq qamrab olsa ham ajablanmagan bo’lardim. To’g’ri, infografiklarni har qanday kishi uchun imkonli qilgan bepul xizmatlar bor. Ammo, shunga qaramasdan, ma’lumotni to’g’ri taqsimlay oladigan, eng optimal usulda uni vizuallashtira oladigan mutaxassislarga ehtiyoj har doim yuqori darajadaligicha qoladi. O’zingizni infografiklar va ma’lumot vizualizatsiyasi sohasida sinab ko’ring. Bu ko’nikmani imkon qadar puxta o’zlashtiring.

6. UX DIZAYN. UX atamasi User Experience so’zlarining qisqartmasidan kelib chiqqan bo’lib, foydalanuvchilarning interfeysdagi faoliyatini optimallashtirish, qulaylashtirish xususida ish olib boradigan soha hisoblanadi. Foydalanuvchi uchun qulay interfeysni yaratish, ular uchun tushunarli boshqaruv paneli va bo’limlarini tashkillashtirish asosan dizaynerlarning vazifasi hisoblanadi. Sizda dizaynerlik qobiliyati bo’lmasa ham User Experience sohasini o’rganishingiz, hech bo’lmaganda o’z saytingiz/dasturingiz interfeysini foydalanuvchilar uchun qulaylashtirish uchun bosh qotirishingiz kerak. Kelajak texnologiyalari bilan bir safda rivojlanayotgan ushbu ko’nikmani bugundan o’zlashtirishga harakat qiling.

Xulosa o’rnida yoshlarga har qanday zamonaviy bilimni puxta o’zlashtirishni tavsiya qilaman. Bugungi kunda hayotimizga endigina kirib kelayotgan, hali ko’pchilik e’tibor qaratmayotgan texnologiyalar kelajakda juda katta sohaga aylanib ketadi. Shunda Sizning bugungi o’rgangan bilimlaringiz tengsiz mutaxassis bo’lib yetishishingizga zamin yaratadi.

O’rganishdan charchamang. Bugun o’rganayotgan har bir ko’nikmangiz ertangiz kuningiz poydevori uchun mustahkam asoslardan biri bo’lishi mumkin.

Iltimos, ommalashtirishga yordam bering: Share on FacebookShare on Google+Tweet about this on TwitterShare on VKEmail this to someone
Abituriyentlar uchun test formulalari

Muallif Azamat Xodjakov

Men odamlarni ilm olishga ruhlantirishni xohlayman. Kimdir qachondir menga "Sen tufayli shu narsani o'rganib olgan edim", desa, dunyoda mendan baxtli inson bo'lmaydi!

Bitta fikr

  1. Maqola uchun raxmat, menga shu narsa kerak edi, raxmat
    CLOUD COMPUTING va MA’LUMOT VIZUALIZATSIYASI malumot bera olasizmi?

Javob qoldirish

Email manzilingiz hech kimga ko'rsatilmaydi.Majburiy bo'limlar belgilangan *

*