Bosh sahifa / Internetda pul ishlash / 120% xavfsiz elektron kitoblar savdo tizimi g’oyasi

120% xavfsiz elektron kitoblar savdo tizimi g’oyasi

Yaqinda navbatdagi kitobimni nashrdan chiqarmasdan, qog’oz ko’rinishidagi nashriyotdan to’liq voz kechib uni elektron ko’rinishda internet orqali sotuvga chiqarish haqida o’ylab ko’rdim. Lekin, afsuski, harid qilingan kitoblarning noqonuniy tarqatilishiga qarshi tura oladigan birorta ham ishonchli tizim topa olmadim. Kitob oddiy, himoyalanmagan PDF ko’rinishida sotuvga chiqarilsa, uni bir kishi harid qilishi va 6000 kishilik foydalanuvchilarga ega bo’lgan Telegramdagi bir nechta guruhlarga chiqarib tarqatib yuborishi mumkin ekan. Bunday holatda ma’lum bir narxda harid qilingan bitta kitobga minglab kishilar egalik qilishi mumkin. Boshqa kitoblar esa, tabiiyki, sotilmay qolaveradi.

Hamma ham internet orqali harid qilingan elektron maxsulotlarni noqonuniy ravishda, muallif huquqlarini poymol qilgan holda tarqatmaydi. Harididan vijdonan, qoidaga ko’ra foydalanuvchilar juda ko’p. Ammo internetda qoidalarga rioya qilishni xohlamaydiganlar ham yetarlicha.

Mana shu muammo tufayli O’zbekistonda elektron kitoblar savdosi yetarlicha rivojlanmay kelayapti. Bu soha rivoji ko’pchilik uchun juda foydali bo’lishi mumkin: yozuvchi va shoirlar mustaqil ravishda o’z kitoblarini internetda bemalol chop etishlari va ularning savdosidan foyda ko’rishlari mumkin, kitobxonlar internet orqali o’zlariga kerak nashrlarni osonlik bilan harid qilishlari mumkin, bu tarmoq atrofida yangi tijoratlar rivojlanishi mumkin, qog’oz tejalishi orqali millionlab daraxtlar saqlab qolinishi mumkin 😉

Hozir shunday bir talab borki, uning darajasiga qarab kimdir to’liq xavfsiz bo’lgan elektron kitoblar savdosi tizimini yaratsa va yuritsa, katta foyda olishi mumkin. Ushbu maqolada, mening fikrimga ko’ra, bu tizim qanday bo’lishi kerakligi haqida yozmoqchiman.

Tizim xavfsizlikni asos qilib olib yaratilgan bo’lishi kerak. Tizimning dizayni, funksiyalari va qulayliklari ikkinchi darajali bo’lishi kerak. Eng birinchi masala – tizimda xavfsizlikni ta’minlash!

Bu tizim qandaydir sayt yoki dastur ko’rinishida bo’lishi kerak. Sayt ko’rinishidagisini qay darajada himoyalash mumkinligi yoki undan foydalanuvchilar tizimni qanchalik qulay deb topishlari haqida hozircha hech qanday tasavvurga ega emasman. Ammo tizimni maxsus dastur ko’rinishida tayyorlash xavfsizlikni ta’minlashda qulay va foydalanuvchilar uchun qulay foydalanish muhitini yaratishda muhim bo’lishini bilaman.

Hozirgi kunda O’zbekistondagi internetdan foydalanuvchilarning ko’pchiligi tarmoqdan mobil qurilmalar (telefon va planshetlar) yordamida foydalanishadi. Android yoki iOS tizimlari millionlab internet foydalanuvchilar uchun qulay tizimlar yaratish imkonini beradi. Elektron kitoblar savdosi tizimini ham aynan mobil qurilmalarni asosiy nishon sifatida olib tayyorlash maqsadga muvofiq, deb hisoblayman.

Mobil qurilmalarda onlayn kitob do’koni va u yerdan harid qilingan kitoblarni o’qish uchun qulay bo’lgan universal bir dastur yaratilsa. Bu dasturda foydalanuvchilarning haridi va kitobdan foydalanishlari uchun barcha qulayliklar yaratilishi kerak. Harid uchun qulayliklar imkon boricha ko’proq to’lov tizimlarini integratsiya qilish bilan belgilansa, foydalanish uchun qulayliklar o’qish uchun harflarni katta-kichiq qilish imkoniyati, tungi rejimning mavjudligi kabilarni o’z ichiga olishi mumkin.

Bunda tizim mualliflar uchun ham juda qulay bo’ladi. Birinchi navbatda (kamina singari) kitoblarining noqonuniy tarqatilishi haqida o’ylab turgan mualliflar uchun to’liq xavfsiz bo’lgan kitob sotish platformasi taklif qilinadi. Istagan muallif platforma ma’muriyati bilan shartnoma qilgan holda o’z kitoblarini havotirsiz sotishi mumkin bo’ladi. Keyinchalik an’anaviy nashr tashvishlaridan holi bo’lgan platforma imkoniyatlaridan foydalanib internet orqali qimmatli ma’lumotlarni o’z ichiga olgan kitoblarini sotish orqali daromad ko’rishni istovchi yozuvchi va shoirlar paydo bo’lishi mumkin. Bu esa o’zbek internetida yangi bir yo’nalishdagi tijoratning shakllanishini anglatadi.

Yuqoridagilardan bilishingiz mumkinki, mening asosiy e’tiborim tizimning xavfsiz bo’lishida. Tizim dasturlari yagona serverga ulangan bo’ladi. Serverda sotuvga chiqariladigan kitoblar faqat tizimning maxsus dasturiy ta’minoti tomonidan ochilishi va o’qilishi mumkin bo’lgan fayl turida saqlanadi. Dastursiz bu faylni kitob holatida ko’rishning imkoni bo’lmasligi kerak. Oddiy enkod va dekod qilish orqali bu masalaga yechim topish mumkin. Shunday holatda kimdir dasturni buzib, ichidagi kitobni ajratib olganda ham uni odatiy kitob holatiga keltira olmaydi.

Tizim orqali sotilgan elektron kitoblar fayllarini yetarlicha himoyalay olganimizdan keyin navbatdagi masala kitobni harid qilganlar va hardi qilmaganlarni qanday qilib farqlash bo’ladi. Albatta dasturda Facebook, Google yoki boshqa biror tarmoqdagi profil orqali tizimga kirish funksiyasi bo’ladi (social login). Bu orqali tizimga kim kirdi, u kishi avval bizdan kitob harid qilganmi, yo’qmi bilib olish mumkin. Ammo profil login-parolining tarqatilishi bizni avvalgi muammo – kitobning noqonuniy tarqatilishi muammosiga qaytarib olib keladi. Bir kishi dastur orqali kitobni harid qilish uchun sohta (vaqtincha) profil ochib, login parolini barcha tanishlariga tarqatib yuborishi mumkin. Bunda ham kitob faqat bir marta sotilib, yillar davomida tarqatilgan login-parol bilan o’qib yurilaveradi.

Dasturiy jihatdan bu masalaga ham yechim topish mumkin. (1) Harid qilingan kitob bir marta joriy qurilmagan yuklanib, keyinchalik joriy foydalanuvchi shu login-paroli bilan boshqa qurilmadan kirganda ko’rinmaydigan, yangi qurilmada kitob harid qilinmagandek holatda bo’lishiga erishish mumkin. Albatta, har 2 yilda telefon almashtiriladigan davrda kitob haridorlari apparatni almashtirishganda ilgari harid qilgan bir nechta kitoblaridan ajralishlari va ularni o’qish uchun qayta harid qilishlari kerak bo’ladi. Buni dastur yoki tizimdan foydalanish qoidalariga kiritib, hariddan oldin haridor roziligini olishni joriy qilish mumkin.

Muqobil tarzda yana bir yechim bor. (2) Kimdir dasturga bitta profil orqali bir marta kirsa, tizim keyingi bir sutka yoki bir necha kun davomida boshqa hech kimni tizimga aynan shu profil orqali kiritmaydi. Masalan, bir haridor o’zining Samsung A3 telefoni orqali profili bilan tizimga kirib, kitobni harid qilsa va profil login parolini boshqa kishiga bersa, ikkinchi foydalanuvchi o’zining General Mobile telefoni orqali tizimga belgilangan vaqt oralig’i mobaynida kira olmaydi. Shunday holatda login-parollarning tarqatilishi va ulardan noqonuniy foydalanish kamaytirilishi mumkin.

Bu shunchaki g’oya. Uni yaxshi o’ylab, mukammal reja holatiga keltirish kerak. «Internet orqali qanday ish qilsam yaxshi daromad ko’rishim mumkin?», deb o’ylab yurganlar uchun fikr berdim, xolos. Ushbu g’oya qaysidir ma’noda o’zbek internetida kelajakda paydo bo’ladigan onlayn kitoblar savdosi tizimiga turtki bo’lsa, juda xursand bo’laman!

Iltimos, ommalashtirishga yordam bering: Share on FacebookShare on Google+Tweet about this on TwitterShare on VKEmail this to someone
Abituriyentlar uchun test formulalari

Muallif Azamat Xodjakov

Men odamlarni ilm olishga ruhlantirishni xohlayman. Kimdir qachondir menga "Sen tufayli shu narsani o'rganib olgan edim", desa, dunyoda mendan baxtli inson bo'lmaydi!

9 ta fikr

  1. Salom Azamat aka. Menda faqat kompyuter uchun himoyalangan elektron kitob yaratish tizimi bor. Lekin bu Android yoki IOS uchun ishlamaydi. Siz aytgan yuqoridagi funksiyalar bu tizimda mavjud emas. Ya`ni Google account, Facebook profillarni nazarda tutyapman. Bu tizimning asosi unikal kod hisoblanadi. Ya`ni har bir foydalanuvchiga unikal kod beriladi. Bu kodni boshqa bir foydalanuvchi ishlatmoqchi bo’lganda ham ishlamaydi. Agar siz yozgan kitobni shu tizimda joylamoqchi bo’lsangiz, kelishishimiz mumkin. Albatta, testdan o’tkazib ko’rishingiz mumkin…

    • Farrux: Men bu loyixa fikr juda yoqdi shunday dastur tuza olsangiz men mablag’ ajrataman kelishilgan holatda bog’laning 998949126142 Doston

    • Kompyuterda ishlaydigan, yaxshi himoyalangan dastur juda zo’r. Ammo kitobni o’quvchilar uchun bu qulaymikan? Kitob o’qish uchun kompyuter yonida soatlab o’tira oladigan kishilar ko’p deb o’ylaysizmi?
      Menimcha, kitob o’qish uchun mo’ljallangan dastur mobil qurilmada bo’lishi ma’qul.

    • Salom shu programmez manga keregidi ILoji bo’sa man bn bog’lanin +998977709903 raxmat

  2. Izlansa yaxshi g’oyalar chiqaveradi

  3. Salom azamat aka) Ha bu ajoyib g’oya albatta. Mobil qurilmalarga bog’lanish va xavsizlik haqida so’z yurutibsiz. Bu albatta ajoyib g’oya agar shu amalga oshsa manimcha sizni yoki yaratgan har bir insonni google va amazon birinchilardan bo’lib ishga taklif qilishi aniq)!
    Lekin shu yerda bitta narsaga to’xtalmoqchi edim. Sayt holatini yoki boshqa har qanday versiyalarni himoyalash manimcha siz etgan tarzda bo’lsa ancha muammo kelib chiqadi. Shaxsiy fikrim bo’yicha bu tizimda to’liq xisobot talab qilish zarur (Pasport, copy of pasport, address, etc…) shunda har qanday odam o’z profilini hech kimga bermasligi 90% aniq bo’ladi. Va profilda sms tasdiqlashni ishga tushirish lozim shunda faqat telefon orqali har safar kiriladi. Bundan tashqari offline o’qish funksiyasi (Mobile ilovada dasturdan chiqmagan hlda) shunda internet yo’q paytda ham bu funksiya ishga tushadi. Bunda ko’chirib olish imkoniyati o’chiriladi. Web versiyada ham nusxalashni yopish va online o’qish imkoniyatini ko’rsatish lozim shunda bu xavsiz bo’ladi. Buning yo’llari ko’p o’ylansa……
    Ammo degan narsa bizda yaxshigina savol. Bu loyihaga ancha pul ketadi va bank ham bu loyihaga kridit ajratishi muammo))) Bunga ancha pul sarflash kerak bo’ladi hatto dasturchi va yaratuvchi bir odam bo’lgan taqdirda ham va aks holda undan ham ko’p. Ammo ajoyib g’oya oldin aytganimdek.

  4. Biz o’zimiz yaratgan «asar»ni bebaho hisoblab, uni tekin tarqatishdan qizg’ansak, vaqti kelib bir tiyinlik qard-qimmati qolmasligi mumkin. Bir savolga javob bering: – Siz o’zingiz shuncha bilimni qayerdan orttirdingiz? Internetdan emasmi? Yo internetda kimningdir hisobiga to’lab qo’ydingizmi? Axir ne-ne bebaho kitoblarni internetdan tekinga olib foydalanyapmizku. Vaqti keladiki, Siz savob qilishni istab qolasiz, ammo o’sha paytda sizning asaringizning qadri hozirgidek bo’lmaydi. Siz bo’lmasangiz boshqa kimdir bajaradi shu ishni.

  5. Agar googledan biror bir pulli programma sotib olgan busangiz. Boshqa telefonga sotib olingan profil orqali yana shu programmani yuklab ololmaysiz. Sababi har bir telefon uchun google o’zi uchun ism(yoki kod) beradi, shu ism(yoki kod) esa faqat shu telefon ishlatilishi anglatadi. Ko’p programmalar shu holda ishlaydi! Masalan: men o’zim sotib olgan kitoblarim faqat sotib olingan telefon orali islata olaman! Hozirda ko’p kitoblar shu holda sotilayapti! Men «РУСЕГЭ»degan korxonoda programmist bo’lib ishlaganimda o’ziga xos kod bor edi shu kodni programmaga qo’shib instalyatordan o’tkazgandan so’ng xar bir telefon uchun yuklash kerak bo’lardi.

  6. Menimcha mobil qurilmalar uchun kitobni sotib olayotganda mobil qurilmaning imei kodi orqali aktivlashtirish tizimini ishlab chiqish kerak chunki bu kod har bir mobil qurilmada bo’ladi va boshqa hech qaysi aparatda tatrorlanmaydi bu shaxsiy fikrim.

Javob qoldirish

Email manzilingiz hech kimga ko'rsatilmaydi.Majburiy bo'limlar belgilangan *

*